Moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygan hududlar ma’lum qilindi
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda hamma hududlarda ham xizmatlar birdek rivojlanmayotgani qayd etildi. Misol uchun, Nukus tumanida o‘tgan yili 363 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 22 foizga o‘sgan. Lekin aholisi undan 2 baravar ko‘p bo‘lgan Guliston tumanida xizmatlar hajmi Nukus tumanidan 30 milliard so‘mga kam.
Yoki, Namangan shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar 13 million so‘mga ham yetmasligi (Jizzax shahrida – 33 million so‘m) haliyam “xufiyona iqtisodiyot” yuqoriligidan dalolat beradi.
Nishon, Yangiqo‘rg‘on, Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangiyer shahri, Mirzaobod, Mirzacho‘lda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo o‘smayotgani, Farg‘onaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani tanqid qilindi.
Hamma vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha har kuni izlanishda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu yilda xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga olib chiqish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish bo‘yicha katta marra olingan.