MTM: 2018 yilda bog‘chalarga qamrov 30 foizni tashkil etdi

2018 yilda maktabgacha taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali pedagoglar bilan taʼminlash hamda bolalarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun zamonaviy dastur va texnologiyalarni tatbiq etish borasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirildi.

Davlat va nodavlat bogʻchalar ochish uchun tadbirkorlarga keng imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Bu esa oʻnlab yangi maktabgacha taʼlim muassasalari ochilishiga, bolalarning bogʻchalarga qamrovi oshishiga turtki boʻldi.

Jumladan, viloyatimizda 2017 yilda 3-7 yoshdagi bolalar 272 680 nafarni tashkil etib, ularning 63 621 nafari (20,9 foizi) 563 ta maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan edi.

2018 yilda esa 305 ming bolaning 90 mingdan ziyodi yoki 30 foizi 637 ta maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim-tarbiya oldi.

Maktabgacha taʼlim muassasalarini malakali pedagoglar bilan taʼminlash borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Samarqand davlat universitetida maktabgacha taʼlim fakulteti tashkil etilib, 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab kunduzgi, maxsus sirtqi va sirtqi taʼlim shakl­lariga 445 nafar abituriyent qabul qilindi. 2018 yilda davlat byudjeti hisobidan 2145 nafar oliy maʼlumotli mutaxassis qayta tayyorlash kurslarida oʻqitildi.

“Obod mahalla“ va “Obod qishloq“ dasturlari doirasida 2815 oʻrinli 29 ta maktabgacha taʼlim muassasasida, jumladan, 13 ta yangi qurilish, 8 ta rekonstruksiya, 7 ta mukammal va 1 ta joriy taʼmirlash ishlari yakunlandi.

2019 yilda viloyatimizda bogʻchaga qamrab olinmagan 6 yoshli bolalarni toʻliq majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlariga jalb etish boʻyicha tashkiliy-loyihaviy ishlar amalga oshirilmoqda.

Nasiba JONTOʻRAYEVA.

2018 yilda viloyatimizda 305 ming bolaning 90 mingdan ziyodi yoki 30 foizi 637 ta maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim-tarbiya oldi.