Muammoni olib chiqish emas, hal qilish muhim

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab bir qator masalalar bo‘yicha Kengash qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 avgustdagi “Mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat hokimi o‘rinbosarlarining 2022 yil I chorakdagi faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan vazifa va chora-tadbirlarni keyingi choraklarda o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qayd etildi.

Deputatlar viloyat hokimining “Qodirov Bahodir Rahimovichni Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqladi.

Shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi nizomi va tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.   Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022 yil 8 apreldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo‘shimcha  manbalarini aniqlash va ulardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori ma’lumot va ijro uchun qabul qilinib, viloyat byudjetining qo‘shimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom hamda viloyat byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlarni umumlashtiruvchi komissiya tarkibi tasdiqlandi.  

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev 2022 yil to‘rt oyi davomida viloyatdagi sektorlar va tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axboroti eshitildi.

M.Turdiyevning qayd etishicha, yil boshidan buyon Xalq qabulxonalariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan  5342 ta masala bayon etilgan 4927 ta (2021 yilning shu davrida  9333 ta) murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning 3588 tasi qanoatlantirilgan. Eng ko‘p murojaat elektr, gaz va suv ta’minoti (680 ta),  moddiy yordam olish (322 ta), ish bilan ta’minlash (313 ta), aliment pullarini undirish (425 ta), pensiya, nafaqa va bola puli tayinlash (365 ta) bilan bog‘liq bo‘lgan.

Sektor rahbarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazish va ularda ko‘tarilgan mummolarni hal etish, shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda joylarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, jumladan, soliq inspeksiyalari bosh bo‘lgan to‘rtinchi sektorlarda bu borada muammolar ko‘pligi ta’kidlandi.

Deputatlar Xalq qabulxonalari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, sektorlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

– Xalq qabulxonasiga tushgan murojaatni sessiyada muhokama etishgacha kutib o‘tirish shart emas, mutasaddi idoralar bilan birga hal etish chorasini ko‘rish lozim. Umuman, muammoni ko‘tarish emas, hal qilish muhim, – dedi Kengash raisi E.Turdimov.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari X.Umarovning yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar hamda belgilangan  vazifalar to‘g‘risidagi hisobotida keltirilishicha, yil boshidan buyon ushbu yo‘nalishdagi profilaktik tadbirlar davomida adashgan, nazoratsiz va qarovsiz, tarbiyasi og‘ir, daydilik qilib yurgan 852 nafar voyaga yetmaganlar aniqlangan. 1984 nafar tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalarning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, 1203 nafarining ota-onasiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

– Biroq, profilaktik tadbirlarga qaramasdan, joriy yilning to‘rt oyi davomida viloyat hududida qayd qilingan 2242 ta jinoyatning 508 tasi yoki har to‘rtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan, – dedi X.Umarov. – Bu esa voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash masalasiga barchamiz, keng jamoatchilik alohida e’tibor qaratishi zarurligini ko‘rsatadi.

Sessiyada viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozov davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

– Bugungi kunda viloyat maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasi bizning boshqarmamiz tasarrufiga o‘tkazilib, Samarqand  va Kattaqo‘rg‘on shaharlari va Oqdaryo tumanida 105 shtat birligidan iborat ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda, – dedi Sh.Boyxo‘rozov. – Hozirgi kunda viloyat yo‘llaridagi harakatni texnik vositalar orqali boshqarish ishlari talab darajasida emas. Mavjud 18572 dona yo‘l belgisidan 4631 donasini almashtirish lozim. Shuningdek, yetishmaydigan 13798 dona yo‘l belgilarini o‘rnatish, 27 ta tartib, solinmagan chorraha hamda 38 ta piyodalar o‘tish joylarini svetofor bilan jihozlash lozim. 2023 yil yakuniga qadar Samarqand shahrining yirik serqatnov chorrahalaridagi, 2024 yil yakunigacha esa shaharning barcha chorrahalaridagi svetofor ob’yektlarini raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish lozim. Ayni paytda Samarqand shahrida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan yo‘llarida joylashgan 36 ta svetofor ob’yektlarini raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, sessiyada viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Z.Jamolovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan, viloyat hokimi o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar masalalari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Z.Rahmonovaning viloyatda xotin-qizlar muammolarining hal etilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.