Mutolaa: Folbin. (Hikoya)
Karel Chapek
Har qanday farosatli odam bu voqea bu yerda emas, Fransiyada ham emas, hatto Germaniyada ham bo‘lishi mumkin emasligini tushunib oladi. Chunki ma’lum bo‘lishicha, bu mamlakatlarda, sudyalar huquqbuzarlarni o‘z nuqtai nazari yoki vijdon amri bilan emas, qonun xatiga ko‘ra hukm qilishlari va jazolashlari shart.
Hikoyamizdagi o‘z qarorini qonun moddalariga emas, balki sog‘lom fikrga asoslanib qabul qiladigan sudya borligi sababli, bu Angliyada, xususan, Londonda, aniqrog‘i Kensingtonda... yo‘q-yo‘q, ehtimol, Brompton yoki Byeysuoterda sodir bo‘lganligini bilib oldik. Ishni ko‘rib chiqayotgan sudya, janob Kelli qonunlar ustasi, ayolning ismiesa oddiygina Edit Meyers xonim edi.
Bu hurmatga sazovor xonim politsiya komissari Mak-Lirining e’tiborini tortdi.
- Azizim, - dedi Mak-Liri bir kuni kechqurun xotiniga. - Meyers xonim xayolimdan chiqmayapti. Unima ortidan kun ko‘rayotganini bilsam edi. Axir, fevral oyida u oshpazni sarsabil (sparja) sotib olish uchun bozorga yuboradi! Bundan tashqari, kuniga uning uyiga do‘kondordan tortib gersog xotinigacha odam kelib ketadi. Bilaman, azizim, siz ehtimol, u folbinlik qiladi, deb aytarsiz. Lekin boshqa bir jirkanch narsa bo‘lsa-chi, masalan, qo‘shmachilik yoki josuslik? Shuni aniqlab olishim kerak.
- Mayli, Bob, - dedi o‘zi ham qiziqib qolgan Mak-Liri xonim, - bu yog‘ini menga qo‘yib bering.
Ertasi kuni yengil-yelpi kiyingan, sochlari jingalak missis Mak-Liri albatta, nikoh uzugisiz, turmushga chiqish muddati anchagina o‘tib ketgan pishiq qizdek, missis Meyyers eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Ichkariga kirgach, Meyyers xonim uni qabul qilgunga qadar, uni biroz kutishiga to‘g‘ri keldi.
- O‘tiring, inim, - dedi keksa ayol “uyatchan” mehmonni zimdan kuzatar ekan, - sizga qanday yordam berishim mumkin?
— Men... men..., — duduqlandi Mak-Liri xonim. - Istardimki... ertaga men... yigirma yoshga to‘laman... Kelajagimni bilishni juda xohlardim.
- Oh, xonim... ma’zur tutasiz, ismingiz... — so‘radi missis Meyyers, kartalar dastasini aralashtira turib.
- Jons...- pichirladi missis Mak-Liri.
- Azizim Jons, - davom etdi Meyyers xonim, - siz adashibsiz, men folbinlik qilmayman. Ba’zida har qanday keksa ayol kabi o‘z tanishlarim uchun kartalarni yoyaman. Chap qo‘lingiz bilan kartalarni olib, ularni besh to‘daga bo‘ling. Ba’zida men zerikkanimdan kartalarni taxlayman, lekin umuman olganda.... Ha! - xitob qildi u birinchi to‘dani ag‘darib. – G‘ishtinlar, bu sizga pul kelyapti, degani. Tappon valet. Ajoyib kartalar!
- Oh! - dedi Mak-Liri xonim. – Keyin-chi?
- G‘ishtin valet, - e’lon qildi Meyyers xonim ikkinchi taxlamni ochib, - bu uzoq yo‘l. Lekin chilliklar har doim muammo, zarba degani. Qarang-a, oxirda – tappon motka.
- Bu nima degani? – so‘radi Mak-Liri xonim diqqat bilan unga tikilib.
- Yana g‘ishtinlar, - o‘yga toldi missis Meyyers uchinchi to‘plamni ochar ekan. - Inim, sizni boylik kutmoqda. Kimdir uzoq safarga ketadi, aniq aytolmayman bu siz bo‘lasizmi yoki yaqinlaringizdan biri.
- Men ammamni ko‘rish uchun Sautgemptonga borishim kerak, - dedi Mak-Liri xonim.
- Yo‘q, bu uzoq yo‘l, - dedi folchi ayol yana bir to‘da kartani ochib. – Qandaydir keksa qirol sizga xalal bermoqchi bo‘ladi.
- Balki, dadamdir! – xitob qildi Mak-Lirixonim.
- Ha, shunaqami hali! — tantanali ravishda tasdiqladi folbin oxirgi to‘plamni ochib. - Hurmatli miss Jons, sizga men hayotimda ochgan eng baxtli kartalar tushdi. Siz bir yil o‘tmasdan turmushga chiqasiz. Yosh va juda, juda boy qirol - millioner sizga uylanadi. Ko‘p sayohat qilganiga qaraganda, tadbirkorga o‘xshaydi. Lekin u bilan birga bo‘lishingiz uchun siz katta to‘siqlarni yengib o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Aytganimdek, kyeksa qirol yo‘lingizga to‘sqinlik qiladi. Lekin siz o‘z so‘zingizda turishingiz kerak. Turmush qurganingizdan so‘ng, siz bu yerdan uzoqqa, ehtimol, chet elga ko‘chasiz... Bori shu! ...Sizdan bir gineya (tilla tanga).
- Men sizdan juda minnatdorman, - dedi Mak-Liri xonim hamyonidan bir gineya chiqarib. - Juda minnatdorman! Ayting-chi, Meyyers xonim, agar to‘siqlarsiz bo‘lsa, qancha bo‘ladi?
- Taqdir sotilmaydi, - dedi kampir viqor bilan. — Dadangiz nima ish qiladi?
- U politsiyada xizmat qiladi, - soddadillik bilan yolg‘on gapirdi Mak-Liri xonim. –Detektivlik bo‘limida.
- Yaxshi! - dedi folbin va uchta kartani oldi.
- Ishlari pachava... rostdan ham juda yomon... Unga ayting, azizim, u jiddiy xavf ostida. Oldimga kelib, tafsilotlarni bilib olsa, zarar qilmaydi. Skotland-Yarddan juda ko‘p odam keladi, qayg‘ularibilan baham ko‘rishadi, men ularga karta yoyaman, otangizni ham yuboring. Chamamda, u siyosiy politsiyada xizmat qiladi. Janob Jons. Unga ayting, men uni kutaman. Xayr, aziz miss Jons...
- Bu ish myenga yoqmayapi, - dedi janob Mak-Liri o‘ychan boshini qashib. - Yoqmayapti, Keti! - Bu xonim marhum otangiz bilan juda qiziqyapti. Bundan tashqari, uning familiyasi Meyyers emas, balki Meyyergofer va u Lyubekdan kelgan ekan. Jin ursin, bu nemis ayolni, qanday qilib uni qo‘lga olsam ekan? Aminman, u odamlardan o‘zini qiziqtiradigan ma’lumotlarni sug‘urib oladi. Men boshliqqa xabar beraman.
Rasmiylar janob Mak-Lirining so‘zlarini e’tiborsiz qoldirmadi va keksa Meyyers xonim sudya, janob Kelli huzuriga chaqirildi.
- Xo‘sh, missis Meyyers, - dedi sudya, - qanaqa folbinlik bo‘ldi bu?
- Oh, janob, - javob berdi kampir. - Biror narsa ortidan tirikchilik qilishim kerak-ku. Mening yoshimda shoularda raqsga tushib, kun ko‘rib bo‘lmasa...
- Hm, - dedi sudya, - lekin sizni noto‘g‘ri folbinlikda ayblashmoqda. Hurmatli missis Meyyers, bu shokolad o‘rniga loydan tayyorlangan konfetlar sotuviga o‘xshaydi. Bir gineya evaziga odamlar haqiqiy folbinga borish huquqiga ega. Aytingchi, uddasidan chiqmasangiz, nega taxmin qilib, ularni chalg‘itasiz?
- Ba’zilar shikoyat qilmaydi, - o‘zini oqladi kampir. - Bilasizmi, men odamlarga nima yoqishi mumkinligini oldindan aytib beraman, bunday xursandchilik hatto bir necha shilling to‘lashga arziydi. Ko‘p hollarda aytganlarim to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. O‘tgan kuni bir xonim menga “Meyyers xonim, hech kim mening taqdirimni siz kabi aniq aytib bermagan edi”, - dedi. U Sent-Jon-Vudda yashaydi va eri bilan ajrashmoqchi...
- To‘xtang, - dedi sudya uning gapini bo‘lib. - Sizga qarshi guvoh bor. Mak-Liri xonim, hammasi qanday bo‘lganini aytib bersangiz.
- Meyyers xonim menga kartalarda fol ochdi, -dedi missis Mak-Liri, - nima emish, bir yil ichida turmushga chiqarmishman. Yosh boy yigit menga uylanar ekan va u bilan okean ortiga ketar ekanman.
- Nega aynan okean ortiga? – so‘radi sudya.
- Chunki ikkinchi taxlamda o‘n qarg‘a bor edi. Meyyers xonim bu yo‘l ekanligini aytdi.
- Bema’nilik, - to‘ng‘illadi sudya. - O‘n qarg‘a, bu -umid. G‘ishtin valet yo‘l haqida darak beradi. Agar uning yonida g‘ishtinning yettisi bo‘lsa, bu pul bilan uzoq sayohatni anglatadi. Meni aldab bo‘psiz, Meyyers xonim. Xo‘-o‘-sh, siz guvohga bir yildan kamroq vaqt ichida u boy yigitga turmushga chiqishini aytdingiz, u esa allaqachon uch yil oldinnamunali polisiya komissari Mak-Liri bilan turmush qurgan. Bunday nomuvofiqlikni qanday izohlaysiz?
- Xudoyim, - xotirjam javob berdi keksa ayol, - xatolar bo‘lib turadi. Bu xonimcha oldimga bashang kiyimda keldi, uning chap qo‘lqopi yirtilgan edi. Bu uning puli ko‘p emasligini anglatadi, yana u meni chalg‘itmoqchi bo‘lib, yigirma yoshda ekanligini aytdi, lekin o‘zi yigirma besh yoshda...
- Yigirma to‘rtda! – xitob qildi Mak-Liri xonim.
- Farqi yo‘q. U turmushga chiqmoqchi bo‘lib turganligi aniq edi - u o‘zini yosh xonimlardek tutardi. Shu sababli men uning uchun eng munosib narsa nikoh va boy kuyov deb o‘ylab, shunday fol ochdim.
- Qiyinchiliklar, keksa qirol va xorijga sayohatning bunga qanday aloqasi bor?
- Taassurotlarni boyitish uchun, - ochiqchasiga tan oldi Meyers xonim. - Gineya evaziga qop-qop gapaytish kerak axir.
- Yetar, - dedi sudya. - Meyers xonim, bunday folbinlik firibgarlikdan boshqa narsa emas. Siz mohirona bashorat qilishni o‘rganishingiz kerak. Bu masalada turli xil nazariyalar mavjud, lekin yodingizda bo‘lsin, o‘n qarg‘a hech qachon yo‘lni anglatmaydi. Mahsulotlarni soxtalashtirish va qalbaki tovarlarni sotish to‘g‘risidagi qonun asosida sizni ellik funt jarimaga tortish to‘g‘risida hukm qilaman. Qolaversa, sizni josuslikda gumon qilishyapti, menimcha, buni tan olmasangiz kerak?
- Ey, Xudo!.. - xitob qila ketdi Meyyers xonim, lekin sudya uning gapini bo‘ldi:
- Yetar, masala hal bo‘ldi. Siz xorijlik shaxs va ma’lum bir kasb egasi bo‘lmaganingiz sababli, ularga berilgan huquqdan foydalanib, siyosiy nazorat organlari sizni mamlakatdan chiqarib yuborishadi. Xayr, Meyyers xonim, rahmat Mak-Liri xonim. Unutmang, Meyyers xonim, bunday folbinlik uyat va beadablikdir.
— Afsus, — xo‘rsindi kampir. —Endigina mijoz to‘play boshlagandim.
Bir yil o‘tib, sudya Kelli va komissar Mak-Liri uchrashib qolishdi.
Mak-Liri aftini burishtirdi.
– Bilasizmi, janob Kelli, – dedi u xijolat tortib, – Missis Mak-Liri... Bir so‘z bilan aytganda, biz ajrashdik.
- Bo‘lishi mumkin emas! - hayron bo‘ldi sudya. –Shunday jozibali, yosh ayol-a!
- Hamma gap shunda-da, - g‘o‘ldiradi Mak-Liri, - yo‘q joydan, bir olifta... millioner, myelburnlik savdogar unga oshiq bo‘lib qolibdi... Men qo‘limdan kelgancha uni qo‘yib yubormaslikka harakat qildim,lekin... Mak-Liri qo‘lini umidsiz silkitdi. - Bir hafta oldin ular Avstraliyaga jo‘nab ketishdi.
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.