So‘nggi pushaymon

(hikoya)

Ushbu hikoya muallifi Xolboy  Qosimov 70 yoshini qarshilamoqda. Jurnalist va yozuvchi 1954 yil 5 avgustda Bulung‘ur tumanidagi Bedana qishlog‘ida tug‘ilgan.

1981 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. Dastlab «O‘zbekiston ovozi» gazetasi, «O‘zbekiston» nashriyotida, keyinchalik «Bulung‘ur  hayoti» gazetasida ishlagan.

1997-2020 yillarda respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi Bulung‘ur tuman bo‘limi rahbari, so‘ngra «Nuroniy» gazetasi va «Keksalik gashti» jurnalining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lib faoliyat yuritgan. Hozirda «Qadriyat» gazetasi bo‘lim mudiri bo‘lib ishlab kelmoqda.

X.Qosimovning "Pul va qon", "Grin kard" talvasasi", "Qadriyat" kitoblari chop etilgan.

Quyida ustoz ijodkorning hikoyalaridan birini o‘qiysiz.

****

O‘n gulidan bir guli ham ochilmagan, hali voyaga yetib ulgurmagan farzandi jinoyatta qo‘l urgan ota-onaning iztiroblariyu dod-faryodlarini tasavvur qilish qiyin emas. Buning ustiga, ota-onalari tug‘ma nogiron bo‘lsa-chi? Ha, bunday oilalarning holatini tasavvur etish achinarli hol. Ular kuchli zarbaga uchraydi, uyasi buzilgan arilardek, o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay, chor atrofga zir yuguradilar. Tinch, farovon turmushlari bir zumda jahannamga aylanadi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qavm-qarindoshlar, qolaversa, mahalla-ko‘y oldida yuzlari shuvut bo‘ladi.

Qabih jinoyatga qo‘l urgan farzand nahotki bir umr muqaddas sanalgan oila sha’nini bulg‘ayotganini, yaqinlari, ota-onasining yuzini yerga qaratib, yuraklariga bedavo dard keltirayotganini, ularning qaddini bukayotganini o‘ylamagan bo‘lsa?! Bunday qora niyatli kimsalarning holiga voy bo‘ladi. Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, sudning qora kursisida pushaymon bo‘lib, bosh egib o‘tirgan o‘spirin yigit Rishat Veysalov jinoyatga qo‘l urayotganda bu haqda mulohaza yuritmadi. Qabih ishi mudhish oqibatlarga olib kelishini xayoliga keltirmadi.

...Rishat esini taniganidan buyon ko‘ngli kemtik o‘sdi. Uch-to‘rt yoshida tengqurlari ko‘chani to‘ldirib uch oyoqli velosipedda poyga o‘ynayotganlarida u bolalarning orqasidan piyoda chopdi. Ko‘ngli o‘ksib otasiga har kuni, velosiped olib bering, deb zorlandi. Shunda otasi har gal titroq, qadoq qo‘llarini uning boshiga qo‘yib, yuzi, yelkalarini silab: «Olib beraman, o‘g‘lim, albatta, olib beraman, biroz sabr qilgin», derdi.

Turk millatiga mansub bo‘lgan Rishatning ota-onasi haqiqatan ham tug‘ma ko‘r, birinchi guruh nogironlari edi. Onasining bir ko‘zi yaqin atrofdagi narsalarni zo‘rg‘a ko‘rardi, xolos. Har holda ko‘chada o‘zga bir kishining yordamiga muhtojlik sezishmasdi. Shu bois u bozor-o‘charga, to‘y-ma’rakalarga turmush o‘rtog‘ini doim o‘zi bilan birga yetaklab borardi. Shuning uchun shaharda hamma ularni yaxshi tanirdi. Buning ustiga, olti nafar farzandini oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazishning o‘zi bo‘lmaydi. Bolalari yeyman-kiyaman, deydi, shirinliklar yegisi keladi. Ikkisining nogironlik nafaqalari esa bozor-o‘chardan, qora qozonni qaynatishdan ortmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ota-onasi farzandlariga shirin muomala qilar, ko‘ngillariga qarashardi.

Oiladagi nochor muhit, yetishmovchilik sabab bo‘ldimi, Rishat maktabda o‘qishni davom ettira olmadi. Shundan so‘ng yetim qolgan qo‘ziday boshini duch kelgan tomonga ura boshladi. Arzimagan pulga qo‘ni-qo‘shnilarining uy yumushlariga yordamlashdi. Bozorda to‘rt-besh kun tirikchilik qilib ham ko‘rdi. Biri ikki bo‘lmadi. Yoshlik qildi. Texnikaga o‘chligi sabab ustalarga shogird tushmoqchi bo‘ldi.

Keyingi paytlarda Rishat xayoliga tez-tez erk beradigan bo‘lib qoldi. Tinchligi buzildi. Endi o‘tgan-ketganda ochiq darvozadan ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan qo‘shnisining ixchamgina, ohori to‘kilmagan «Minsk» rusumli mototsikliga tez-tez qarab qo‘yadigan bo‘ldi. Qo‘shnisi Tolib aka shu yaqin oradagi kichik bir idorada ishlaydi. Idora uyiga yaqin. Mototsiklda qatnashga aslo hojat yo‘q. Lekin onda-sonda kechqurunlari, dam olish kunlari bu «matohi»da u yoq-bu yoqlarga chiqib turadi. Rishatning mototsiklga ko‘ngli ketgan, chunki bir tepishda o‘t oladi. To‘g‘ri, uning sirdosh, yaqin do‘stlari yo‘q emas. Qiziqib ayrimlarining – «moped»lari, mototsikllari rulini boshqargan paytlari ko‘p bo‘lgan. Bu oyoq ulovlarning markalarini ham boshqa tengqurlariga qaraganda juda yaxshi biladi...

Saraton. Yozning eng issiq kunlari bo‘lgani uchunmi, ko‘chada odam kam uchraydi. Tushga yaqin uyiga qaytayotgan Rishat yana kutilmaganda qo‘shnisining darvozasi tomon ko‘z tashladi. Darvoza xiyol ochiq. Mototsikl egarlangan otdek kishnab turibdi go‘yo. «Minib bir aylanib kelsam qanday bo‘larkin?». Xayoliga o‘rnashib qolgan bu fikr uni darvoza tomon yetakladi. Buning ustiga, hovlida ham hech kim ko‘rinmaydi. «Tolib akaning ishdaligi aniq, shunday bo‘lsa-da, chaqirib ko‘radi. Biron kishi chiqib qolsa, bahona ko‘p-ku». Rishat darvoza yoniga kelib:

– Tolib aka, – deb uy egalarini chaqirgan bo‘ldi.

Yana bir-ikki tovush soldi. Jim-jitlik. Biroz kutib turdi. Hech kim sado bermadi. Juda qulay fursat. Rishat darvozaning bir tabaqasini yarmigacha ochib qo‘ydi. Keyin sekin-asta mototsiklga yaqinlashib, yana u yoq-bu yoqqa olazarak boqdi. Quyuq soyada dam olayotgan qari Olapar go‘yo qo‘shnisiga xalaqit bergisi kelmaganday boshini ko‘tarib ham qo‘ymadi. Rishat mototsiklning suyanchig‘ini yerdan bo‘shatib, ehtiyotkorlik bilan ko‘chaga olib chiqdi, ancha joygacha yetaklab borib, uydan uzoqlashgach, atrofga razm soldi. U bilan shu tobda kimning ishi bo‘lardi. Hamma o‘zini soyaga urayotgan qoq tush payti bo‘lsa. Rishat o‘zini ancha bosib olgandi. Kalitsiz o‘t oldirishni yaxshi bilgani uchun qandaydir simni (kabelni) mototsiklning bir joyiga uladi. Shundan so‘ng tepkini bosdi. O‘t olgan mototsikl Rishatning boshqaruvida bir tomonlama harakatlanadigan yo‘ldan «Samarqand –Toshkent» yo‘nalishi tomon yeldek uchib ketdi.

Yo‘l harakati qoidalariga xilof ravishda kutilmaganda ro‘parasida paydo bo‘lgan yuk mashinasi mototsiklning muvozanatini izdan chiqardi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Rishat yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketmaslik uchun rulni o‘ng tomonga burgan edi, yo‘l chetida sumka va allanarsalar ko‘tarib ketayotgan ayol kishini urib yubordi. Ikki qonunbuzarning nojo‘ya xatti-harakati tufayli halokat yuz berdi. Ayol mototsiklning zarbidan ikki metrlar chamasi otilib ketib, yuz tuban yiqildi. Rishat halokat yuz bergan joydan yigirma besh, o‘ttiz metrlar o‘tib ketib, mototsikl rulini zo‘rg‘a jilovladi...

Yoshi oltmishlardan oshgan, qoramag‘izdan kelgan bir kishi darhol mashinani to‘xtatdi. Haydovchiga vaziyatni tushuntirib:

– Uka, savob ish qiling, jarohatlangan kishini tezda kasalxonaga olib bormasak bo‘lmaydi, – dedi.

Haydovchi rozi bo‘ldi. Haligi oqsoqol bosh bo‘lib, ikki-uch kishi jarohatlangan ayolni mashinaga o‘tqazishdi. O‘zi ham orqa o‘rindiqqa joylashib, ayolni suyab oldi. Ayol og‘riqning zo‘ridan ingrardi. Oqsoqol aftidan tanidi shekilli:

– O‘, ko‘r akamning o‘g‘li sen ham mashinaga chiq, kerak bo‘lasan hali, – deb oldingi o‘rindiqqa ishora qildi. Biroz o‘zini tutib olgan Rishat oqsoqolning nimaga shama qilayotganini tushunmadi. Bu oqsoqol mahalla faollaridan Jo‘raqul aka edi. Mashina shitob bilan kasalxona tomon uchib ketdi...

Jarrohlik bo‘limidan chiqib kelgan Jo‘raqul aka Rishatga:

 – Bo‘lar ish bo‘ldi, uka. Birinchi yordam ko‘rsatishyapti. Opa ham gapiryapti. Oqtosh qishlog‘ida yashovchi Sabohat ismli ayol ekan. Jizzaxga qizinikiga borayotgan ekan. Hujjatlar rasmiylashtirildi, – dedi oqsoqol palataga qarab qo‘yarkan.

– Rahmat sizga, aka, ko‘p yaxshilik qildingiz. Shoshib qoldim, – dedi Rishat chaynalib, oqsoqolni yaxshi tanimaganidan o‘ng‘aysizlanib. – Endi men nima qilaman, aka?

– Bu burchimiz, uka. Shifokorga hammasini tushuntirdim. Sharoitlaringni aytdim. Ular opaning qarindoshlariga xabar berishadi. Seni ham chaqirib qolishi mumkin. “Yugur-yugur”ing endi boshlanadi. Bardam bo‘l, uka. Aytib qo‘yay, katta do‘xtirning jahli yomon. Ehtiyot bo‘l, oilangni ro‘kach qilib turaver, boshqa ilojing ham yo‘q, – dedi oqsoqol va qo‘shib qo‘ydi. – Endi men boray, kechga tomon xabar olarman. Voqea joyidan qochib ketmaganing yaxshi bo‘ldi. Har tomonlama yengillik bo‘ladi senga.

Rishatning ko‘ngli cho‘kib, eng yaqin kishisini yo‘qotganday bo‘ldi. A’zoyi badani qaltiray boshladi.

Jarrohlik bo‘limi mudiri Tohir Kamolovich nafaqat tibbiyot birlashmasida, balki viloyatda dong‘i ketgan, eng tajribali, qo‘li yengil shifokorlardan. Hatto kasalxonaga ishi tushgan qo‘shni tumanlardagi kazo-kazolar ham uni yo‘qlab kelishadi, «til topishishadi». Tan olish kerak, bo‘limdagi tartib-intizomga, tibbiy xizmatga hamma qoyil qoladi. Tohir Kamolovich o‘ta qattiqqo‘l. Eng yomon qusuri shuki, mushuk tekinga oftobga chiqmaydi qabilida ish tutadi. Bo‘limga tushgan bemorning kim bo‘lishi, sharoiti bormi-yo‘qmi, bu uni mutlaqo qiziqtirmaydi. Shifokorning bu odatini hamma yaxshi biladi.

Tohir Kamolovich opaning jarohatlarini sinchiklab ko‘rib chiqdi. «Hechqisi yo‘q, xavfli emas ekan, ikki-uch kunda oyoqqa turib ketadi», ko‘nglidan o‘tkazdi u. Bemorga qarayotgan hamshiralarga tegishli muolajalar ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berib, xonasiga kirarkan, o‘ylanib qoldi: «...Voyaga yetmagan bola, ota-onasi tug‘ma ko‘r, dedimi. Darvoqe, ularni juda yaxshi taniyman. Ko‘cha-ko‘yda doim yetaklashib yuradi. Ilgari maslahat so‘rab qabulimga ham kelib turishardi. Ularni bu yerga chaqirishdan foyda yo‘q. Qaytaga ularni ko‘rib, ko‘nglim eziladi. Yigitning o‘zi bilan gaplashaman-qo‘yaman». Tashqarida turgan aybdor – Rishatni chaqirtirdi. U eshikni taqillatib shifokor huzuriga kirdi. Tohir Kamolovich kasallik varaqasidan ko‘zini uzib salomga alik olarkan, o‘tir deganday ishora qildi. So‘ng unga yuzlanib:

– Xo‘sh, «qahramon», nima bo‘ldi, gapir qani, – dedi so‘rashishni ham nasiya qilib.

– Shoshib qoldim, oldimdan yuk mashinasi chiqib qoldi. Keyin, keyin...

– Keyin momongning qorni bo‘ldi, shundaymi? – dedi Tohir Kamolovich, shartta so‘zini bo‘larkan. – Ho‘-o‘, bola, kasalning ahvoli og‘ir, ertalabgacha boradimi, yo‘qmi, Xudo biladi. Boshi qattiq jarohatlangan, suyaklari singan... Ota-onangni bu yerga chaqirtirishdan foyda yo‘q. Baquvvatroq yaqin qarindoshlaring bormi? – dedi shifokor ko‘zidan kuzoynagini olarkan, masalaga jiddiy tus berib. – Vaziyatni yaxshilab tushuntir, qisqasi, ertalabgacha ikki million so‘m topib kelmasang, melisaga xabar qilishimizga to‘g‘ri keladi. Hujjatlar «til»ga kirib, qamalib ketishing mumkin. Hali yoshsan, pul topiladigan narsa, bola, – deb uni qat’iy ogohlantirdi.

– Tog‘amlar, ammamlar bor. Tushuntirib aytaman, topib kelaman... – dedi Rishat sekingina.

– Ota-onangga pul haqida gapirib o‘tirma, harakatingni qil, ertalab huzurimda bo‘l, xo‘pmi, – qo‘shib qo‘ydi do‘xtir.

Rishat tashqariga chiqqan ham ediki, shifokor huzuriga chaqirgan hamshira qiz kelib:

– Uka, sizni anchadan buyon bir kishi kutyapti, – deb soyada o‘rindiqda dam olib o‘tirgan, soch-soqollari o‘sgan, oltmish yoshlardagi ozg‘in bir kishining oldiga boshlab bordi. Bu inson jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan opaning turmush o‘rtog‘i Xo‘jabek aka edi. Yonida o‘tirgan ikki kishi ham u bilan birga kelgandi.

– He, onangni... itdan tarqagan, xotinimni nima qilib qo‘yding, – dedi Rishatning yuziga tarsaki tortishga chog‘lanarkan.

Hamshira qiz o‘rtaga tushib, qo‘ying, bobo, qo‘ying, uyat bo‘ladi, demaganida uning yuziga bir-ikki shapaloq tushishi aniq edi. Rishat qo‘rqqanidan ko‘ziga yosh oldi:

– Kechiring, amaki, juda shoshib qoldim.

– Ota-onang ochiq lahaddami? Chaqirsang o‘lasanmi ularni ham, – dedi oqsoqol hovuridan tushmay Rishatga battar o‘dag‘aylarkan.

 – Ular kelisholmaydi, ikkisi ham ko‘r, no...giron, – dedi yerga qarab.

Hamshira qiz ham boshini irg‘ab uning gapini tasdiqladi.

Xo‘jabek aka bu gapdan so‘ng biroz shashtidan tushib, yonida turgan sheriklariga, nima qilamiz endi, deganday yuzlandi. Ular yelka qisishdi.

Ularning murosaga kelishayotganini ko‘ngli sezgan hamshira qiz, menga javob, deganday ortiga qaytdi.

– Qisqasi, gap bunday, uka, bo‘lar ish bo‘pti. Mana bu dorixonadan nasiyaga olgan dorilarimning ro‘yxati, hujjatimni berib dori oldim, – deb uning qo‘liga bir varaq qog‘oz tutqazdi.

– Hoziroq to‘lab, hujjatimni olib berasan. Do‘xtirlar so‘rab qolishsa, yana dori olib berishingga to‘g‘ri keladi, – deb Rishatga qattiq tayinladi. Shundan keyin uning manzilini surishtirishdi. Yozib olishni ham unutishmadi.

– Bugun pul topib kelib, ertalab kelib to‘layman, – dedi u Xo‘jaqul akani ishontirib. Qo‘l telefonining raqamini ham berdi.

– Bilib qo‘y, bola, momong to‘rt-besh kun yotadigan ko‘rinadi. Tez-tez kelib xabar olib turasan, u-bu narsa deganday. Sharti shunaqa bo‘ladi bunaqa «ishlarni», uka, – dedi Xo‘jaqul aka. – Kun og‘di, hademay kech kerib qoladi, sen borib harakatingni qil, biz shu yerda qolamiz. Ertaga vaqtliroq kel, yana san-manga borib yurmaylik. Oqibati yomon bo‘ladi.

Rishat shifoxona darvozasidan chiqar ekan, orqasiga qarab qo‘ydi. Biroz yengillashgandek bo‘ldi. Dorilar ro‘yxati bitilgan qog‘ozni qo‘liga olib razm soldi. «Bular ham talay pul tursa kerak», ko‘nglidan o‘tkazdi u.

Rishat uyiga kelganda soat to‘rtlar chamasi edi. Jo‘raqul aka Tolibjonlar ogohlantirgan bo‘lishiga qaramay, ota-onasi uni o‘rtaga olib qattiq koyishdi. U: «Boshqa bunday qilmayman», deb ont ichdi. Ota-onasining ahvolini yaxshi tushungani, busiz ham turmushlari og‘irligini o‘ylab, ularga bo‘lib o‘tgan voqealar, pul to‘g‘risida og‘iz ochmadi. «Pullarni ertagayoq, albatta, to‘lashim kerak. Kimdan qarz olsam ekan? Ahvolimni tushuntirgan taqdirimda ham kim menga qarz berib turardi. Nima qilsam boshimga tushgan bu mushkulotdan qutulaman?». Xayolini chulg‘ab olgan bu savollar unga bir zum tinchlik bermasdi. Shu tobda uning xayoliga birdan, o‘g‘rilik qilsammikan, degan fikr keldi. Dabdurustdan xayoliga kelgan bu sovuq fikrdan seskanib tushdi. Butun a’zoyi badani tok urgandek jimirlab ketdi. Uyga kirsa ham, tashqariga chiqsa ham boshini qo‘yarga joy topa olmay garangsib qoldi. Xayolini chalg‘itish uchun biroz ko‘cha aylanib keldi. Ukasi bilan narda o‘ynadi. Baribir bo‘lmadi, «o‘g‘irlik qilaman, ha, ha, bundan boshqa ilojim yo‘q». Kech kira boshlagan sayin bu fikr Rishatning miyasiga tobora mahkamroq o‘rnasha boshladi. Jinoyat ichidagi jinoyat mana shundan boshlandi.

O‘qishni tashlagach, tushkunlikka tushgan, puldan qiynalgan kezlari Rishatning xayoliga mana shunday yomon fikrlar ham kelib turardi. Ancha vaqtdan buyon temir yo‘l yoqasida xilvatroq joydagi bir do‘konni ko‘z ostiga olib yurardi. Do‘konga kirib qolgudek bo‘lsa, uni bu yerdagi mollar aslo qiziqtirmasdi. Uni do‘kon eshiklari, romlari ularga o‘rnatilgan turli xil qulflar ko‘proq qiziqtirardi. Do‘kon ixcham bo‘lishiga qaramasdan hamma narsa - oziq-ovqat, kiyim-kechaklar, hatto xo‘jalik mollari ham topilardi. Omborxonasida ham talaygina mollar bor edi. Do‘kon orqasiga bitta temir panjarali deraza o‘rnatilgandi. Rishat kechki payt do‘konni yana bir bor ko‘zdan kechirib, keldi. «Hech bir qiyin joyi yuq, ixchamroq armatura bo‘lsa bo‘lgani, oson kechadi», ko‘ngliga tugdi u.

Rishat qo‘lidagi quroli – armatura bilan do‘konning orqa tarafidagi temir panjarani ko‘chirishga kirishganda soat 01:00 lar chamasi edi. Tun yarmidan oshayotgani uchun chor atrof suv quygandek jim-jit. Biror sharpa sezilmaydi. Bu Rishat uchun qo‘l keldi. Buning ustiga, poyezd o‘tayotgan shovqinli daqiqalardan ham «unumli» foydalandi. Temir panjarani bemalol buzib, hech tap tortmasdan ichkariga kirdi. Bu do‘konning omborxonasi edi. Qo‘l telefoni chirog‘ini yoqib, mollarni shosha-pisha titkiladi. Omborxonadan olib chiqib ketishi lozim bo‘lgan buyumlarni derazaning oldida turgan sumkalari yoniga keltirib qo‘ya boshladi. So‘ng qo‘l telefoni chirog‘ini o‘chirib, tashqaridan biroz bo‘lsa-da, yorug‘lik tushib turgan, savdo qilinadigan xonaga o‘tib, engashib olib pul axtarishga tushdi. Pul solinadigan qutidan nasibasiga yarasha pul ham topdi. Shu tariqa Rishat bir zumda o‘zi bilan olib kelgan uch-to‘rtta sumkalarini erkaklar, ayollar tuflisi, turli xil kiyim-kechaklar va qimmatbaho kamyob mollar bilan to‘ldirdi. «O‘lja»larni olib chiqib, uyi tomon yo‘l oldi. Tungi soat 02:00 larda uch-to‘rtta sumka ko‘targan, chor tarafga o‘g‘rincha nazar tashlab jon-jahdi bilan qadam tashlayotgan bu yigit har qanday kishiga ham shubhali tuyulishi aniq edi. Rishatni tunda o‘z xizmat vazifalarini ado etayotgan YPX xodimlari to‘xtatishdi. O‘g‘riligi isbotlangach, uni tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelishdi. Tez orada tergov, surishtiruv ishlari boshlanib, to‘plangan barcha hujjatlar, ashyoviy dalillar sudga oshirildi.

Rishat sudning qora kursisida o‘tirgan bo‘lishiga qaramay, shifokor talab qilgan poradan, dori-darmonlar uchun to‘lashi lozim bo‘lgan bir talay pullardan, boshqacha qilib aytganda, bir odam «tashvishlar»dan qutulganidan ko‘ngli taskin topgandek edi, go‘yo. Sud hay’ati hukmiga ko‘ra, Rishat Veysalov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybli deb topilib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq uning voyaga yetmaganligi, oilaviy sharoitining og‘irligi, muqaddam sudlanmaganligi, o‘z aybiga to‘liq iqrorligi, qilgan jinoyatlaridan qattiq pushaymonda ekanligi, qolaversa, ota-onasining nogironligi, shuningdek, olgan buyumlarining do‘konga to‘liq qaytarilgani hisobga olinib, hukm ijrosi ikki yilga kechiktirildi.

Oiladagi muhit, turmush qiyinchiliklari, muhtojlik tufayli yuz bergan bu mudhish jinoyat shu tariqa o‘z yechimini topdi.

Xolboy QOSIMOV.