Mutolaa. Baxtli yashash siri. Hikoya

Chinning suluv qizi Li-Li suyganiga turmushga chiqdi. U baxtli edi, biroq shirin hayotiga qari, injiq qaynonasi zahar tomizib turardi. Qaynona-kelinning adoqsiz janjallaridan to‘ygan erkak uyga kelmaydigan odat chiqardi. O‘z oilasini saqlab qolishni istagan kelinchak tabib huzuriga bordi va dardini to‘kib soldi. Nuroniy unga kukunga o‘xshash bir dori tutqazdi.

– Bu asta-sekinlik bilan ta’sir qiladigan zahar, – dedi keksa tabib, – uni uch oy davomida har kun oz-ozdan qaynonangning taomiga qo‘shib berasan. Qaynonangning o‘limida sendan gumonsiramasliklari uchun unga eng sara taomlarni tayyorlab, yaxshi muomalada bo‘l!

Li-Li cholning aytganiga amal qildi. «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi» deganlariday, kelinning muloyim munosabati qaynonani tamomila o‘zgartirdi. Ular ona-yu qizga aylandi. Yosh kelin o‘zini og‘ir yuk bosayotganday his qilib, qilmishidan pushaymon bo‘ldi va cholning huzuriga keldi.

– Qaynonamning qonini zahardan tozalovchi dori bering, iltimos. Uning o‘lishini aslo istamayman!

Chol ko‘zlari yoshlanib, javdirab tikilib turgan Li-Liga qarab, qah-qah otib kuldi.

– Qizalog‘im-a, senga berganim darmondorilar edi. Ular qaynonangning kuchiga kuch qo‘shardi. Haqiqiy zahar, aslida, miyangda edi. Sen undan xalos bo‘lding. Endi chinakamiga baxtli yashaysan, – degan ekan tabib.

Ba Szin.