Mutolaa: Telefonlar "qo‘zg‘olon"i. Hikoya
Dino Butssati
O‘sha kuni bir chakki ish yuz berib, telefonlar ish tashlash e’lon qilgandek bo‘ldi. Masalan, siz biron kishi bilan gaplashyapsiz va birdan suhbatga boshqa odamlarning ovozi kirib keladi, ular nafaqat o‘z suhbatdoshini, balki sizni ham eshitadi.
Kechqurun soat o‘nda men o‘n besh daqiqa davomida bir do‘stimga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim. Oxirgi raqamni terishga ulgurgunimcha, men kimningdir suhbatidagi ko‘rinmas ishtirokchiga aylandim, keyin ikkinchi, uchinchi suhbatga va tez orada to‘liq chalkashlik boshlanib ketdi. Bu zulmatdagi umumiy yig‘inga o‘xshardi, hamma to‘satdan unga kirib qolar va istaganlari xuddi shunday tarzda tanilmasdan g‘oyib bo‘lardi. Shu sababli tarmoqda bo‘lganlar odatiy yasamaliksiz va xijolat tortmasdan gapirar va tez orada aks-sadolari bizga qadimgi afsonalar orqali yetkazilgan o‘tmishdagi hayratlanarli karnavallarga xos bo‘lgan umumiy quvnoqlik va yengillik muhiti yaratildi.
Dastlab men kiyimlar haqida gaplashayotgan ikki ayolning ovozini eshitdim...
- Men unga “biz axir kelishgandik-ku – payshanbagacha mening ko‘ylagimni tikib berasiz deb, bugun dushanba, ko‘ylak hali ham tayyor emas”, dedim. Bilasanmi, men unga yana nima dedim: azizim sinora Broji ko‘ylakni sizga qoldiraman, endi uni o‘zingiz kiying, agar unga sig‘sangiz...
Ayolning ovozi ingichka edi, u chiyildoq ovozi bilan tinmay gapirardi.
- Yaxshi o‘ylab topibsan, - javob berdi unga yosh, yoqimli mehribon ovoz. Lekin u bundan faqat foyda qiladi, boplab matohingni almashtiradi. Undan har baloni kutish mumkin.
- Ko‘ramiz hali. G‘azabdan bo‘g‘ilib qolishimga sal qoldi. Qanchalik jahlim chiqqanini tasavvur ham qilolmaysan. Sen, Klara agar uning oldiga borsang, iltimos, shu gapni aytib qo‘y: mijozlar bilan bunday munosabatda bo‘lishmaydi. Ertaga men Juletanikiga boraman, kiyadigan hech narsam yo‘q. Nima maslahat berasan, nima kiysam ekan?
- Qo‘ysangchi, Frankina, kiyimlarga liq to‘la garderobing bo‘lsa, - xotirjam javob berdi Klara. Men ehtimol, yashil keng yubka va qora jemper kiysam kerak. Nima deb o‘ylaysan? Balki shoyi ko‘ylak kiygan ma’qulroqdir? Haligi, yangi, kulrang...
Shu payt uning gapini bo‘lib, qo‘pol erkak ovozi eshitildi:
- Nima desangiz deng sinora, siqilgan limon rangli ko‘ylagingizni kiyib, boshingizga onangizning somon shlyapasini lenta bilan taqib olsangiz, yaxshi bo‘lardi.
Sukunat. Ikkala ayol ham jim bo‘lib qoldi.
- Nega jim bo‘lib qoldingiz, sinora? – davom etdi notanish, rimliklar shevasiga taqlid qilib. - Xo‘sh, Ferrarida nima gaplar? Aytgancha, sinora Frankina, qanday qilib shu paytgacha tilingiz osilib qolmagan. Tasavvur qilasizmi, u to‘satdan sizga xizmat qilishdan bosh tortsa. Qanday baxtsizlik bo‘lardi. Shunday emasmi?
Bir necha kishi bir ovozda kulib yuborishdi. Boshqalar ham xuddi men kabi indamay suhbatni eshitib turgan ekan.
Shunda Frankina o‘zini to‘xtata olmasdan g‘azab bilan tez gapira ketdi:
- Siz sinor... kimligingizni bilmayman-u, shunchaki johilsiz, to‘g‘rirog‘i, qo‘rssiz, bu birinchidan, ikkinchidan birovning suhbatini tinglash nomussizlik bo‘lganini har bir tarbiya ko‘rgan odam biladi, uchinchidan...
- O, siz menga butun bir ma’ruza o‘qib berdingiz-ku! G‘azablanmang, iltimos, men shunchaki hazillashdim... Meni kechiring. Men bilan tanishsangiz, g‘azabingizni rahm-shafqatga almashtirgan bo‘lardingiz.
- E’tibor berma, - maslahat berdi Klara. Bunday ahmoq e’tibor berishga arzimaydi. Telefonni qo‘y, senga keyinroq qo‘ng‘iroq qilaman.
- Yo‘q, yo‘q, yana bir soniya. Bu so‘zlar boshqa odamga tegishli edi, ovoziga qaraganda muloyimroq, tajribaliroq deb aytgan bo‘lardim. Yana ikki og‘iz so‘z, sinorina Klara, aks holda biz hech qachon uchrashmaymiz!
- Bu unchalik katta yo‘qotish bo‘lmasa kerak, - dedi Klara.
To‘satdan suhbatga bir-birining gapini bo‘lgan bir nechta ovoz kirdi.
- Qanday qilib gapirishdan charchamaysiz, g‘iybatchilar, – jahl bilan gapirdi bir ayol.
- O‘zing g‘iybatchisan, boshqalarning ishiga burnini tiqadigan!
- Men ekanmanmi burnini tiqadigan. Men axir...
- Sinorina Klara, sinorina Klara (ovoz erkak kishiga tegishli ekani aniq) telefon raqamingizni ayting.
- Keyinroq beraman, - javob berdi ayol ovozi (Frankina bo‘lishi ham mumkin), - lekin kimligingizni so‘rasam maylimi?
- Menmi. Marlon Brando (amerikalik kinoaktyorga ishora qilib)!
Ko‘rinmas suhbatdoshlar yana kulib yuborishdi.
- Allo, advokat Bartezagi... advokat Bartezagi bu sizmisiz? - Shu paytgacha suhbatga qo‘shilmagan ayol kishining ovozi eshitildi.
- Ha, menman, kim bu?
- Men, bu menman Norina. Tanidingizmi? Ertaga Turindan keladigan mehmonlar haqida ogohlantirmoqchi edim...
Advokat Bartezagi:
- Sinorina, keyinroq qo‘ng‘iroq qiling. Menimcha, shaxsiy ishlarimizga begonalarni aralashtirmaganimiz ma’qul.
- Advokat, yosh qizlarni uchrashuvga taklif qilganlarga nima degan bo‘lardingiz? – dedi yana bir kishi.
- Bas qilinglar, iltimos. Bema’ni suhbatingizni tinglashga vaqtim yo‘q. Men ish yuzasidan shoshilinch telefon qilishim kerak, - gapga oltmish yoshlardagi ayol aralashdi.
- Bu xonimga quloq soling (Bu Frankina edi). Mabodo telefonlar qirolichasi emasmisiz?
- Telefon go‘shagini osing, gapirishdan charchamadingizmi? Ma’lumotingiz uchun, siz laqillab turgan bir paytda men shahar tashqarisidan muhim qo‘ng‘iroq kutyapman.
- Demak, siz hamma gapni eshitib turgan ekansiz-da, aytingchi, endi qay birimiz g‘iybatchi ekanmiz?
- Chakagingni o‘chir, ahmoq.
Zarba nishonga tegdi. Bir soniya sukunat hukm surdi. Frankina nima deb javob berishni topa olmadi. Keyin u g‘olibona javob qaytardi:
- Ahmoqdan eshityapman.
Gulduros kulgi tovushlarini eshitdim. Kamida o‘n ikki kishi bor edi, chamamda. Keyin yana jimlik. Balki hamma birdaniga go‘shakni qo‘yishgandir. Nihoyat Klaraning beparvo ovozi yangrab ketdi:
- Endi yolg‘iz qoldik, shekilli. Ertaga nima kiyishimni maslahat berasan, Frankina?
Shu payt suhbatga notanish, hayratlanarli darajada go‘zal, navqiron va quvnoq erkak ovozi qo‘shildi:
- Ijozatingiz bilan Klara, men sizga o‘tgan yili tiktirgan ko‘k yubka, yaqinda tozalashga bergan binafsharang bluzka... va albatta, keng qirrali qora shlyapangizni kiyishni maslahat bergan bo‘lardim.
- Siz kimsiz? - Endi Klaraning ovozida biroz qo‘rquv paydo bo‘ldi. – Men kim bilan gaplashyapman?
- Klara, u bularni qayerdan biladi? Xavotirga tushdi Frankina.
Erkak kinoya bilan:
- Oh, men ko‘p narsani bilaman.
- Bema’nilik. Siz tasodifan taxmin qildingiz, - dedi Klara.
Suhbatga qo‘pol erkak ovozi aralashdi:
- Bas qilsang-chi, tasqara masxaraboz!
Notanish darhol kesatdi:
- Burilishlarda ehtiyot bo‘ling, Jorj Markotssi, Enrikoning o‘g‘li, o‘ttiz ikki yoshda, Kyabrera ko‘chasida yashovchi, bo‘yi 1.70, uylangan, ikki kun oldin tomoq og‘rig‘i bilan kasallandi va shunga qaramay, hali ham sigareta chekadi. Shunisi yetarlimi? Xatolar yo‘qmi?
Markotssi darhol tiyilib:
- Lekin, siz kimsiz? Ma’zur tuting... men... men...
Notanish odam:
- Xafa bo‘lmang. Yaxshisi ovunaylik, yuraklar chingilini ochamiz. Bu sizga ham tegishli Klara. Bunday quvnoq suhbatdoshlar ichida yana qachon to‘planamiz?
Boshqa hech kim uning gapini bo‘lishga yoki masxara qilishga jur’at eta olmadi. Go‘yo telefon tarmog‘iga sirli bir ruh suqilib kirgandek barchani qo‘rquv tuyg‘usi chulg‘ab olgan edi. Kim u? Sehrgarmi? Telefon operatorlari o‘rnini g‘ayritabiiy mavjudot egalladimi? Yovuz ruh yoki Shaytonning o‘zidir. Lekin uning ovozi umuman iblislarcha emas, balki mayin, mehrli eshitilardi:
- Nega jim bo‘lib qoldilaringiz, do‘stlar. Birov qo‘rqitdimi? Sizlarga ajoyib qo‘shiq aytib berishimni xohlaysizmi?
Ovozlar: Albatta, albatta!
U: Nimani kuylab bersam ekan?
Hamma o‘ziga yoqqan ashulalarni talab qila boshladi.
U: Bir qarorga kelsalaringiz-chi. Sizga-chi, Klara qaysi qo‘shiq ko‘proq yoqadi?
- Bilganingizni qiling, - dedi Klara.
U kuylay boshladi. Ehtimol bu o‘z-o‘zini aldashdir, lekin men hayotimda hech qachon bunday go‘zal ovozni eshitmaganman. Bu ovoz shunchalik tiniq, ravshan va maftunkor ediki, u qo‘shiq aytayotganida biz nafas chiqarmay tingladik. So‘ng qarsaklar yangrab ketdi: Ajoyib! Bravo, bis! Qoyil, haqiqiy artist! Siz radioda kuylashingiz kerak, millionlar ishlab olardingiz. Iltimos, yana kuylang!
- Faqat bir shartim bor – hammangiz menga jo‘r bo‘lasiz.
Bu juda g‘alati xor edi. Shaharning turli burchagida, bir-biridan olisda, faqat yupqa bir sim orqali bog‘langan mutlaqo notanish odamlar, kimdir karavotda yotib, kimdir dahlizda, yana biri o‘rindiqda o‘tirib telefon go‘shagini qo‘lida mahkam tutardi. Ismini, yoshini, o‘zining kimligini aytishni istamagan sirli notanish odam tufayli bir-birini ko‘rmagan o‘n besh kishi o‘zlarini eski do‘stlardek his qilardi. Markazda turgan ko‘rinmas xorning hayratlanarli dirijyori qandaydir sehr bilan ularni shaharning qora tomlari ustidagi bulutlar ostida baland parvoz qildirardi. Aynan u yarim tunda qiziqarli uchrashuv tugaganini e’lon qildi.
- Endi do‘stlarim, bo‘ldi. Juda kech bo‘lib qoldi. Ertaga barvaqt turishim kerak... Ajoyib kompaniya uchun rahmat...
Hamma o‘zini xafa qilgandek his qildi va “Ha, mayli nimayam derdik, xayrli tun. U kim bo‘lishi mumkin ekan? Xayrli tun” deya g‘amgin holda bir-biri bilan xayrlasha boshladi. Uylar birdan tun sukunatiga botib ketdi. Men telefonni qo‘limda ushlagancha, diqqat bilan tinglab turardim. Ikki daqiqalardan so‘ng notanish shivirladi:
- Klara... Meni eshitayapsanmi,? Klara?
- Ha, - ohista javob qildi Klara. – Eshityapman. Hamma chiqib ketganiga ishonchingiz komilmi?
- Ha, hamma, bir kishidan tashqari, - dedi notanish xushmuomalalik bilan. – U shu paytgacha jimgina turib, faqat eshitib turgandi.
Gap men haqimda ekanligi aniq edi. Yuragim orqaga tortib ketdi va shu zahotiyoq go‘shakni qo‘ydim.
Bu kim edi? Farishtami? Bashorat qiluvchimi? Balki Mefistotel (Uyg‘onish davri mifologiyasida yovuz ruh obrazi) yoki sarguzashtlarning abadiy ruhidir. Bizni har bir burchakda kutib turadigan tasodiflar timsolimi? Yoki u shunchaki eng kulgili va g‘alati joylarda, hatto telefon simlarida yashiringan, insonni xaloskori va uni ko‘klarga ko‘taradigan qo‘hna so‘nmas umiddir?
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.