Mutolaa: O‘shaning erimikan? Hajviya
Anvar Obidjon.
Anov buqabosh nega meni chetga imlayapti? Avzoyi buzuqroqmi? Nahotki, bu… o‘shaning eri bo‘lsa?
Men uni payqamayotgandek, tanishim bilan bemalol gaplashib turibman. Uzoqroq gaplashaveray-chi, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Ana, tag‘in imladi, shubhaga o‘rin yo‘q, bu o‘shaning eri!
Ko‘zimning qirida asta chamalab ko‘rdim, qurib ketg‘urning mushti naq bozg‘ondek keladi. Shu isqot bilan qansharimga qaratib tortsa bormi!..
Xullas, vaziyat nozik. O‘zimni dadilroq tutib, suhbatni iloji boricha cho‘zganim ma’qul. Oxiri, kutishdan zerikib, shartta ketvorsa, ajabmas.
Yo rabbim! Yana imlayapti-ku. Endi nima qildim? Nechchi marta o‘zimga o‘zim aytaman – ayniqsa, xotinlar masalasida ehtiyot bo‘l deb. Shunday deyman-u, qulay payt keldi deguncha, o‘zimni tiyolmay qolaveraman. Mana oqibati.
Voy, surbet-yey! Baribir imlashini qo‘ymayapti. Uf-f, buning niyati buzuq. Balki, xotini panaroqda turgandir. Balki, yaxshilikcha bo‘ynimga olmasam, ikkalamizni yuzlashtirar. Uloqsudrash qilib, ko‘pchilikning ichida sharmandamni chiqarsa-ya! Yo rabbim!
Ana, yana imlayapti. Ke, nima bo‘lsa bo‘lar. Qilar ishni qilgandan keyin, taqdirga tan bergin-da endi, chalaxo‘roz.
Rangim o‘chganicha borib, ehtiyot shartdan, undan uzoqroqda to‘xtadim.
– Meni chaqiryaptilarmi? –deb so‘radim, zo‘rg‘a tirjayib.
Kutilmaganda, u ham muloyim iljaydi:
– Turob Surobovich sizdan bir nimani iltimos qilgan ekanlar. O‘shani olgani keluvdim.
Nafas olishim birdan mo‘’tadillashdi…
Bundan yarim soatcha oldin do‘konimdan qand-qurs xarid qilgan bir anqovroq ayoldan mo‘maygina urib qolgandim. Buni o‘shaning erimikan deb o‘ylabman.
1978 yil.