«Okaxonning komandasi». Hajviya

So‘nggi o‘yin, so‘nggi match. Aniqrog‘i, «Ayyorlar» jamoasining chempionligini hal etadigan o‘yin. Jamoa boshlig‘i esa stadion chetida jon kuydirib baqiryapti:
— O‘ynalaring, biz bugun chempion bo‘lamiz, chempion! Davay, olg‘a boslaring...
U ikkinchi gapini ancha shasht bilan aytdi. Shunchalik baqirdiki, shogirdlarini ruhlantirish uchun o‘rnidan turgan mehmonlar bosh murabbiysining ham dami ichiga tushib ketdi. Bir qo‘l siltadi-da, qaytib joyiga o‘tirdi.
O‘yin boshlandi. Kutilganidek, mezbonlar ustunlik qila boshlashdi. Ularning raqiblaridan anchagina «kuchli» ekanliklari sezilib turardi. Hakamlar ham jim qarab turishmadi. Bosh hakam cho‘ntagidagi «yo‘riqnoma»ga qarab, qaror chiqarib turdi. Qizig‘i shundaki, to‘p mehmonlardan maydonni tark etganida yon hakam mezbonlar foydasiga qaror chiqardi. Shunda mehmon futbolchi:
— Bu nima qilganingiz, akajon, to‘p bulardan chiqib ketdi-ku! — deya e’tiroz bildirdi. Lekin hakam pinagini ham buzmadi.
— Men «qoida»ga ko‘ra qaror chiqardim, — dedi bamaylixotir, — «qoida»da shunday yozilgan, ha!
Futbolchi bu qanaqa qoidaligini tushunmadi, indamay o‘yinni davom ettirdi. Birinchi bo‘lim yakunlanganida tabloda 4:0 hisobi porlab turardi. Mehmonlar xomush bo‘lgancha kiyim almashtirish xonasiga kirib kelishdi.
— Qalay, ustoz? — dedi jamoa sardori. — Hammasi yaxshimi?
— Yaxshi, faqat manavindan ranjidim, — murabbiy yon hakam bilan tortishgan futbolchini ko‘rsatdi. — Senga nima qizig‘i bor, yon chiziqdan to‘pni kim maydonga tashlashini? Tashlayvermaydimi okaxonning shogirdlari.
— Ustoz, ikkinchi taymda hujumkorroq o‘ynaylik, zerikib ketdik, — e’tiroz bildirdi markaziy hujumchi.
— Kallang joyidami sening? Gol urib qo‘ysalaring nima bo‘ladi? Qiziqsanlar-ey. O‘shancha pulni qaytarib beramizmi? O‘zi bu yoqda oylik ololmayapsanlar. Pul kerakmi, pul?
Mezbonlarning kiyim almashtirish xonasida ham shunga o‘xshash holat. Boshliq shogirdlariga uqtiryapti:
— Bo‘ldi, boshqa gol urmalaring, to‘rtta yetadi.
— Iye, nega, ustoz, men yana gol urgim kelyapti.
— Yo‘q, biz faqat to‘rtta golga pul to‘laganmiz, tushundingmi? Nima, beshinchi golning haqini katta xolang beradimi? Davay, marsh, ikkinchi bo‘limda yaxshilab o‘ynalaring. Jon kuydirlaring.
O‘yin yakunlandi. Mezbonlar g‘olib bo‘lishdi. O‘yinchilar ham rosa quvonishdi.
— Bopladikmi, ustoz? — dedi bittasi. — Lekin bor-ku, oldindan bilib turib g‘olib bo‘lsang, unchalik quvonmas ekansan.
— Lekin tabiiy chiqdi, — kuldi boshqasi. — Zo‘r chiqdi.
Boshliqdan esa, tabiiyki, intervyu olishdi. Boshliq ham maqtanishni qiyvordi:
— Vey, biz mashaqqatli mehnat evaziga g‘olib bo‘ldik, chempion bo‘ldik. Bilsang, bratishka, men futbolchilarni sahar to‘rtta olib chiqardim maydonga, uylariga esa kechqurun o‘n ikkida kirib ketishardi. Tinimsiz yugurishardi. Ichish, chekish, qizlar bilan yurish haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emasdi.
Xullas, u uzoq gapirdi. Keyin esa xonasiga borib, yordamchilarini to‘pladi.
— Darrov yanagi mavsum rejasini tuzlaring. Qachon qaysi jamoa bilan uchrashishimizni aniqlalaring-da, bosh murabbiylari bilan bir yo‘la hisob-kitob qilvollaring. Menga qaralaring, bizlarga kichik hisobdagi g‘alabalar ham bo‘laveradi. Tag‘in xarajat ko‘payib ketmasin, tushunarlimi?
Nizomjon Islomov.