Mutolaa: Sarishtali odamlar (hikoya)

Sobir O‘nar.

Murtoz aka – akamning oshnasi bo‘lsa ham menga ko‘proq yovuqmi – ba’zan bilmay qolaman: akam bilan sinfdosh bo‘lgani bilan menga ko‘ngilsozligi bor. Buning sababi menga noayon desam, katta gapirgan, balki oliftalik qilgan bo‘laman. Chunki Murtoz aka qishloqda tug‘ilib voyaga yetgani bilan cho‘l hududda, qisqasi, Jizzaxning ham qaqragan bir chekkasida yashadi. Qattiq ishlar edi. Ammo doim o‘ziga toza, o‘ziga pishiq, biror nojo‘ya ish qilmas edi. “Chestniy Murtoz” degan laqab o‘z odamlari tomonidan to‘qib yopishtirilgan edi. Kasaba uyushmasi boshlig‘i, hisob-kitob ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, bosh buxgalter, yo‘q, direktor bo‘lmagan, shu-u, shu bosh buxgalterligi eng katta vazifasi edi. Ko‘pni mehmon qildi. Ko‘p bilan ulfat bo‘ldi, “chestniy”ligi sabab hujjatlaridan biror katta ishkal chiqmadi, voy, bo‘-o‘, boshqa ko‘plarning uyi kuydi, “naryoqqa”, ha, undan ham “naryoqlarga” borib ta’zirini yeb, yemagan somsaga pul to‘laganlar qancha bo‘ldi.

Murtoz aka vaqtida etagini yig‘ishtirdi. Ha, o‘z vaqtida. O‘zi cho‘l degan joyda non tugab bo‘lgan edi. Qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘orish tizimlari birin-ketin izdan chiqib bo‘layozgan, ahvol o‘nglanish o‘rniga yomonlashayotuvdi. Yigit qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urdi. To‘rt qizi bor edi, beshinchi qizi va nihoyat, oltinchisi – o‘g‘li Toshkentda tug‘ildi.

Shaharda suyangan odamlari bo‘lgan, albatta. Goho sizga ko‘p suyanganman desa, bu menga ortiqcha ko‘pirtirayotganday, “paxta qo‘yayotgan”day tuyulib ketadi-da, qo‘ying aka, bo‘larini ayting, deb chalg‘itaman.

Aka dilkash, pokiza inson. O‘zi ham, yuzi ham, ko‘zi ham, kiyimi ham – hamma narsasi toza, chiroyli. Shunaqa odamlarni ko‘rganmisiz? O‘sha – eslaganingiz: Chexov aytganiday-da.

Akamga sinfdosh bo‘laturib men bilan oshnochilik qilishining sabablari bor. Meni poytaxtga kelib, birovga o‘ligini tashlamay, o‘mganini ko‘tarib yurganlardan, birovning oldida tili qisiq emas, yetarli obro‘yi bor deb o‘ylaydi. O‘zi, masalan, shunaqa odam. Boring, ana, kamina ham shundaydirman. Lekin bor-yo‘q xislatlaringni tilga olaversa, shaharga shu odamlarga suyanib kelganman-da, deyaversa, odamga ancha malol keladi.

Aka, qo‘ying, vaqti-soati bo‘ladi, o‘shanda basharamga qarab rosa maqtaysiz, deyman. Lekin bir hisobi, maqtov yoqib ham turadi. Xudbinlikka yo‘ymasangiz, shu jihatiniyam aytib o‘tganim ma’qul.

Sirg‘alining bir chekkasidan uch xonali uy olganida, uy to‘yi qilganida ko‘pchiligimiz borganmiz, mehmoni bo‘lganmiz. Ishi o‘zgardi, uylari kengaydi, ko‘paydi. Bu ham emas, odamning iqboli – farzandlari, xususan, qizlari tufayli kulishi mumkin ekan. Men buni Murtoz aka misolida ko‘rdim.

Besh qizi bor, o‘sha kuni to‘rtinchi qiziga sovchi keladigan bo‘ldi. O‘zining aytishicha, quda juda katta joyda, zo‘r vazifada ishlaydi. “Uzr, hozircha sizga ham sir tutaman”, xuddi shunday dedi. Garchi qiziqsang ham avvaldan gapni aylantiraversa, ha, deysan-da.

Birinchi qizi o‘zining jo‘rasiga kelin bo‘ldi. Kimlardir ha endi qishloqqa tushsa shunday “kamtargina” to‘y qilingani tuzuk deb kulish qilishgan. Qizi o‘qiganligiga yarasha uncha-muncha do‘stlarini ham kulmasin, deb qishloqdagi bazmga chorlamagan va tabiiyki, kelin ortiqcha dahmazasiz uyidan oq “Neksiya”ga o‘tqizib opketilgan. Ishonasizmi, uch yilda ikki o‘g‘il nevara ko‘rdi. Kuyovi ham shaharga kelib tuzuk ish topib oldi. Hademay qaynotasining yonidan o‘zi uy olib joylashdi.

Katta qizi Shoiraning ba’zi dugonalari hali ham baxtini topmagan. Shoiradan besh-olti yil burun shaharga ko‘chib kelgan, demakki, “votti-votti” deyishga ko‘proq haqi bo‘lgan “Pari” – uning asli ismini birov atamaydi – institutdaligidayoq Tosh Rahmon degan estrada qo‘shiqchisiga ikkinchi yo uchinchi xotin bo‘lib tegib olgan, mana shuni katta martaba bilib, boshqalarni nazar-pisand qilmay yurar edi.

Ota-onasining uyidan to‘y bo‘lib chiqmaslik uyat. Buning isnodini o‘zbek biladi. Qiz bolaning ishi og‘ir savdo. Qo‘shiqchiga tekkan Parining ortida ancha gap bor edi. Qo‘shiqchining o‘g‘li borligini ham qo‘shnilar va qarindoshlar bilishdi. Andijonda emish, hovli-joyi tuzuk emish. Tag‘in yangi gap chiqdi: Pari ota uyidan “pok qiz” bo‘lib uzatilmayotganmish. Eri Tosh Rahmon ikki yuz dollarga bir talaba “kuyov” topibdi. “Qiz”ni uyidan rasm-rusumini qilib, nikoh o‘qitib, to‘g‘ri Andijondagi Toshvoyning hovlisiga tushirishibdi. Bu yoqdagi “qiz bazm”da Toshvoy baxt tilab, “kelin-kuyov”ga baxt tilab, o‘nta qo‘shiq aytibdi, qizning “o‘rtoqlari” to‘yda obdon eshilib-buralib o‘ynagan. To‘ydan keyin “kuyov” martabadan tushib, sekin liboslarini yechib, uzr so‘rab, ko‘chaga chiqib taksi tutayotganmish…

Xo‘jako‘rsin to‘yning bu xil sirlarini asli bilmagan odam qoldimi? Gap yerda yotarmidi? Pari Shoiraga ham taklifnoma berib kelgan. Lekin borsang to‘y vahimasini ko‘rib izza bo‘lib kelasan, degan. Shoira to‘yga bormasa ham tafsilotini eshitdi. Endi… odam zoti halol ishlar qilishi kerak-da. Bu ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak?

Ikkinchi qizi Toshkentga, uchinchisi Buxoroga, to‘rtinchisi Farg‘onaga kelin bo‘ldi. Ammo kechagina qishloqda yashab yurib, bu-uncha joylar bilan quda-anda bo‘laman deb o‘ylamagan akaning boshi garang edi. Qizig‘i shundaki, barcha qizlari baxtli, kuyovlarining hammasi u odamni, qizlariga o‘xshab “adajon!” deyishardi. Qishloq odamiga birda erish eshitilib, qulog‘ining qitig‘i kelsa-da, bora-bora moslashib qolarkan.

“Uka, hali ko‘raverasiz, qizning baxtdan tingani zo‘r bo‘larkan. Ustingizdan tog‘ ag‘dariladi, tog‘! Mana, uchta tog‘ ag‘darildi ustimdan. To‘rtinchisi, mana hammasidan oshib tushdi. Hey, uka, falon joyda ishlaydi, huv anov yerda!” (deb osmonning ham naryog‘ini ko‘rsatadi, kuyovning xususiy banki bor emish – e, qudaning mol-mulkini boshqarishga bir bank kerak emish-da, to‘g‘riyam-da).

So‘ng:

– Bildingiz-a? – deydi o‘smoqchilab.

– Ha, bildim, – deyman hech narsani tushunmasam ham.

– Keyin, to‘ydan keyin bilasiz, o‘zi yonida kimlar kelganidan ham tasavvur qilaverasiz.

Ha, fotiha kuni yonida kimlar bo‘ldi, dersiz. Falon eshon, fiston sudur, avliyosi yo‘q, vallohi a’lam, lekin, qiziq, ma’raka oxirigacha quda kimligini sezmabmiz. Bir kichkina odam, uyam ikki kishi – aka-ukalar emish, farqiniyam ajratolmadim, tashqariga chiqqanlarida biri cho‘ntagidan ikkita konvert oldi, konvertning birini unisiga uzatdi, unisi qudaga uzatib yubordi-da, darhol duoga qo‘l ochib “to‘y bo‘lsin!” deb qo‘yaqolishdi. “Sut puli”dir deb qo‘yaqoldim. Biroq…

Kechqurun Murtoz aka yuragi yorilib telefon qilayotir:

– E, uka, nega ketib qoldingiz, juda zo‘r yangiliklar bor bu yoqda, tez yetib keling!

Borsam, aka bir litrlik aroqni stolga qo‘ygan, yonida ikki kuyovi, o‘zidan-o‘zi tutab, o‘zidan-o‘zi yonib yotibdi.

– Endi do‘stim, qizlarimning hammasi baxtli bo‘ldi hisob, Xudoga ming qatla shukr, million marta shukr! Mana, kuyovlarim yonimda, dada, to‘yga, oshga bir so‘m sarflamaysiz, uch kuyov syurpriz qilamiz deyapti, e, uka, buni siz tasavvur qiling-da. Hoy, Bek, akangga bir to‘ldirib quy, ha, to‘ldirib, to‘l-di-rib! Malades, indamang, ko‘taring! Yana bitta!..

Bu jarayonlardan ham o‘tib bo‘lgach, aka ko‘zlari alang-jalang, qabatimga obdon yaqinlashib keldi, tumshug‘i ham tumshug‘imga deyarli tegib turardi.

– Bazm uniki, osh – “pap”, mayda-chuyda, mebel, savat, tog‘ora – hech narsa kerak emas ekan. Bunisiyam mayli, qancha to‘yona qilganini so‘rang…

Kimdir orqasidan turtdimi, chimchiladimi, ko‘zlari bir qur hushyor olayib ketdi. Xotini yo qizi telefonga chaqirayotganini aytdi.

– Hozir, hozir… – deya ruschalab yengil so‘kindi aka.

Kamina bilan hasratlashmoqchi edi-yu, bular beliga tepishdi: nega axir, kimgadir yaxshi gapingni ham aytsang, quvonchingni bo‘lishsang bo‘ladi-ku.

– Uka, buyog‘i voobщye besh…

– Ha, tushundim, besh…

– Uka, undan ko‘p… beshdan ham ko‘p!

– Qoyil, baraka topsin, buning hammasini nima qilasiz, tavba, qiz sotib boyiyotgan odamni birinchi ko‘rishim…

– Hali, uka. Hammasi “vo” bo‘ladi!..

Aka “telefonga” ketdi va… shu bilan qaytib kelmadi – kayfi oshib qopti. Har qalay, shunday xabar kelsa ishonasan-da odam…

Uyning, ayniqsa, ustoz Omon Muxtor aytgani kabi “ayollar saltanatining” o‘z siru asrori bo‘ladi. Uni birov bilib qolsa maza qilmaydi. Men buni to‘g‘ri tushunaman, shu bois vaziyatni payqagan madaniyatli odam sifatida uyga qaytdim. Balki besh, balki o‘n mingdir, har qalay akaga yaxshi bo‘pti, to‘y xarajati kam yo yo‘q, kuyovlari oshni ko‘tarayotgan bo‘lsa, demak, ancha yengillik deb o‘yladim. Havasim keldi.

Ota-ona, ayniqsa, qiziga har qanday sharoitda obro‘yim tushmasin deb yurak hovuchlab to‘y qiladi, borgan joyida tosh qotsin, baxtini topsin, bori niyati – shu.

Aka baribir kimgadir yorilgisi kelgan. Mendan boshqa biror sirdosh topolmaganmi, ishqilib ikki kun o‘tgach, kechki nonushtaga chorlab yorildi:

– O‘n ming beribdi!

– Ko‘kidami?

– Ha-da!

– Yo‘g‘-e?

– Hech kutmagan edim, qiziq bo‘ldi, – deb bosh qashladi.

– Toza niyatda bersa – beribdi-da. Biti to‘kilsin debdi-da.

– Mayli-ku, otasiga rahmat-ku, lekin bu sabil qolgur… ko‘p-da, juda ko‘p. Qudalar odatda u kam, bu kam deb talashib, yozg‘irib, nima qilishini bilmay yotishadi, buyog‘i necha puldan tushdi endi?

– Mendan so‘rayapsizmi?

– Endi, yosh bo‘lsangiz ham, uka, ko‘pni ko‘rgansiz, shaharga avval kelgansiz, mening bo‘ynimda qolib ketmasin deyman-da.

– Qizingizga kattaroq sep qilib yuborsangiz-chi?

– Sepni sira gapirtirmayapti-da qudamiz. O‘zlari yasatib-tuzatib qo‘yibdi, hech narsa opkelmanglar deyapti.

– Bitta yo‘li bor, – dedim.

– Qanaqa-qanaqa? – deya ko‘zlari olayib ketdi akaning.

– Yarmini bizga cho‘zasiz, sengayam yuqsin deganingiz bo‘ladi.

– Ob-bo, nima gap ekan debman. Lekin jiddiy gap: haqiqatan o‘ylanib qoldim.

– O‘ylanmang, odamlar yo‘qlikdan, yetishmovchilikdan zorlanadi, sizniki yengil, ko‘zni yumib o‘zingizga ishlatavering.

Shunday qilish mumkinligini aka mensiz ham biladi, biroq jo‘yali maslahat chiqib qoladimi, deb o‘ylagan.

To‘yga Erali-Sherali, Yulduz-Pulduz, yana allaqancha manaman degan xonandalar kelib qo‘shiq aytdi. Ulay-bulay to‘y bo‘lmadi. Anov-manov deganlarning og‘zi g‘orday ochilib qoldi. Boshqa dahmazalarini aytib o‘tirmayman.

Odam obro‘ olsa, obro‘ni agar to‘ydan olsa, quda bir qop, o‘n qop semirib ketadi. Ammo, o‘lay agar, maydagina, jikkakkina bir odamcha, ko‘rsang urging keladi, tuzukroq, ma’niliroq gap ham eshitmaysan og‘zidan, bo‘lgan-turgani shu: begunoh, beziyon bir odam. Bo‘yi ham pakana. Gaplashib iching ilimaydi. Shu odamchaga Xudo so‘raganini osmondan yog‘dirib tashlaydi.

Bu dunyoda Vaqt degan eng katta hukmdor bor. Uning qilichi hammanikidan keskir. O‘zganni to‘zdirib, to‘zganni ozdirib qo‘yadigan ham janobi Vaqtdir. U olovni so‘ndirib, sevgini olovlantiradi, jonlini jonsiz, jonsizni jonli qila oladi.

Binobarin odam bir to‘y deb yillab hayajonlanib yurmaydi: boshqa tashvishlar qancha?! Murtoz aka ham avvalgi o‘rtanishlar o‘tib, tabiiy hayot o‘zaniga tushib oldi. Qizi baxtini topdi, o‘rganishli kelin bo‘ldi. U ota uyga necha bor mehmon bo‘ldi. Bir gal u kuyovining gapini eslabdi. “Otam o‘shanda boshqa konvertni berib yuborgan, boshlig‘iga bermoqchi bo‘lgani buyoqqa ketib qolgan, lekin otam bu gapni eslagisi kelmaydi”.

Bugunning odami tushungan odam. Boylari undan ham madaniyatli. Murtoz aka undan ham o‘tib tushgan. Shu bois qudasi uch qavatli hovli qurib uy to‘yiga aytganida, belni mahkam bog‘lab borib qudasiga konvert uzatgan.

Unda necha pul bo‘lganini yangam va o‘zi biladi. Xabari bizgacha kelgani yo‘q.

Qanday sarishtali odamlar-a!