NKMK ishchi-xodimlarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi. Ikki kishi vafot etgan

Shu yilning 5 yanvar kuni soat 06.40 atrofida Navoiy viloyati Konimex tumani “Navoiy–Zarafshon” trassasining 61-kilometrida «Neksiya» rusumli avtomobil Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining ishchi-xodimlarini olib ketayotgan «Isuzu» avtobusi bilan to‘qnashib ketgan. Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisiga aylangan 19 nafar fuqarodan 10 nafarining ahvoli yaxshi bo‘lganli bois uyiga javob berilgan.

Ushbu avtohalokat oqibatida ikki nafar fuqaro – Tomdi tumanilik 58 yoshli A.M. va Konimex tumanidan M.U. olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan. Sakkiz nafar fuqaro esa Konimex tumani Zafarobod posyolkasidagi Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatiga qarashli 5-sonli tibbiy sanitariya qismiga tez tibbiy yordam brigadasi yordamida olib kelingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur tibbiy sanitariya qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filialidan malakali neyroxirurg va travmatolog mutaxassislar Sanitar aviatsiya orqali jo‘natilgan.

Jarohatlanganlar Tomdi tumanidan 18 yoshli A.A., 46 yoshli A.N. va 20 yoshli A.K., Konimex tumanidan 14 yoshli A.J., 41 yoshli A.J. va 56 yoshli B.K., Zafarobod posyolkasidan 20 yoshli N.S. hamda 27 yoshli S.Sh.lar zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ulardan bittasining ahvoli og‘ir, uchtasining ahvoli esa o‘rtacha og‘irlikda, qolgan to‘rt nafarining ahvoli qoniqarli darajada.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, ayni paytda ularning ahvoli malakali shifokorlar nazoratida bo‘lib, standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilmokda.