Nepalda samolyot halokati: hech kim tirik topilmagan, qidiruv bugun ham davom etmoqda

Ilgari xabar berganimizdek, Nepalda Pokxara xalqaro aeroporti yaqinida samolyot halokatga uchragan edi. Rasmiylarga ko‘ra, hech kim omon qolmagan, hozirgacha 68 kishining jasadi topilgan. Samolyot bortida 72 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Yeti Airlines kompaniyasining turbovintli samolyoti yakshanba kuni ertalab qo‘nayotgan vaqtda halokatga uchradi. 300 metr chuqurlikdagi jardan yonayotgan qoldiqlar topilgan. Qutqaruvchilarning ishiga alanga va quyuq tutun xalal bergan.

Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bayonotida aytilishicha, fojia qurbonlari orasida 15 nafar xorijlik: to‘rt nafar rossiyalik, besh nafar hindistonlik, shuningdek, Janubiy Koreya, Irlandiya, Avstraliya, Argentina va Fransiya fuqarolari bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, samolyot poytaxt Katmandudan Pokxara kurort shahriga uchayotgan bo‘lib, parvoz vaqti odatda 27 daqiqani tashkil etgan.

Katmandu aeroportida yo‘lovchilarning yaqinlari yig‘ilgan. Nepal bosh vaziri Pushpa Kamal Dahal ham u yerga yetib kelgan va voqeani tekshirish uchun komissiya tashkil etilishini ma’lum qilgan.

Bu ATR 72 tarixidagi eng yirik aviahalokat bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar ushbu samolyotlardan qisqa mintaqaviy reyslar uchun foydalanadi.

Qidiruv operatsiyasi bugun ham davom etadi. Rasmiy ravishda to‘rt nafar yo‘lovchi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.