OAV: Isroil Eronning javob choralariga tayyorlanmoqda
Eronning Isfahon shahridagi ob’yektlarga qilingan hujum nishonga yetgan, deb hisoblaydi Isroil. Bu haqida operatsiyaga yaqin manbalarga tayanib Wall Street Journal yozmoqda.
Avvalroq WSJ amerikalik rasmiylarga tayanib, Eronning Isfahon shahridagi Mudofaa vazirligi zavodiga dronlar hujumi ortida Tel-Aviv turgani haqida xabar bergan edi.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Eron Mudofaa vazirligi ob’yektiga hujum "Mossad" razvedkasi tomonidan amalga oshirilgan. Zarbalar esa ob’yekt binolarining to‘rt joyiga berilgan. Manbalar batafsil ma’lumot bermay, Isroil operatsiyasini muvaffaqiyatli deb atagan.
Eron ob’yektlariga uyushtirilgan hujumlardan so‘ng Isroil ehtimoliy o‘ch olinishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bu qachon, qanday sodir bo‘lishi mumkinligini haqida bosh qotirmoqda, deb yozadi Times of Israel.
Qayd etilishicha, Isroil xavfsizlik organlari Eronning boshqa davlatlar hududiga zarba berish ehtimolini muhokama qilish uchun yig‘ilmoqda. KAN teleradiokompaniyasiga ko‘ra, Tel-Aviv isroillik sayyohlar, rasmiylar va elchixonalar Tehron nishoniga aylanishi mumkinligidan xavotirda.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Eron markazidagi Isfaxon shahrida kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Keyinroq mamlakat Mudofaa vazirligi portlovchi moddalar bilan kvadrokopter (uchuv apparat)lardan foydalangan holda harbiy ob’yektlardan biriga qurolli hujum uyushtirishga muvaffaqiyatsiz urinish haqida ma’lum qilgan. Dronlardan biri urib tushirilgan, qolgan ikkitasi mudofaa tuzoqlariga tushib, portlagan. O‘sha kechasi mamlakat shimoli-g‘arbida portlash sodir bo‘lgan va motor moyi zavodida yong‘in boshlangan.