"Ochiq muloqot"dagi masalalar hal etildimi?
70 nafar fuqarodan 76 ta murojaat kelib tushgan, 39 murojaat ijobiy hal qilingan hamda 35 murojaat yuzasidan tushuncha berilgan, 2 nafar murojaatchining manzili aniqlanmagan...
Ushbu raqamlar shu yilning 24 fevral kuni Samarqand televideniyesi orqali efirga uzatilgan "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Toyloq tumani sektori rahbarlari bilan o‘tkazilgan ko‘rsatuvga oid.
Toyloqlik murojaatchilarni ko‘proq nima bezovta qilgan va ushbu murojaatlar shu paytga qadar nechog‘lik o‘z yechimini topdi?
Toyloq tuman hokimligi mas’ul xodimi Komil Hamroyevning aytishicha, murojaatlar asosan gaz bilan ta’minlash, elektr energiyasi, uy-joy, yo‘l, ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq edi. Ular tegishlicha hal etilib, ayrimlariga maslahatlar berilgan. Ammo yer masalasida kelib tushgan 4 ta murojaatga ijobiy javob berilmadi. Sababi, tumanda barcha yerlar sug‘oriladigan maydon bo‘lgani uchun yer ajratib berish imkoni yo‘qligi ma’lum qilindi.
- Ko‘rsatuvga gaz balloni so‘rab, savol yo‘llagandim, - deydi tumanning Navzandak mahallasida istiqomat qiluvchi Farida Ergasheva. - Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmay gaz balloni olib kelib berishdi.
- Aliment to‘lovining undirilishida muammolarga duch kelgandim, - deydi Munira Rizayeva. - Shuning uchun televideniye orqali tuman rahbarlari bilan o‘tkazilgan "Ochiq muloqot" ko‘rsatuviga bu masalani hal etish bo‘yicha savol yo‘lladim. Hozircha uch million so‘m undirib berildi, ammo hali yana to‘lanadigan mablag‘ bor.
- Xo‘jaqishloq mahallasidagi kollej joylashgan ko‘chada mashinalar serqatnov, yo‘lovchilar ko‘p, - deydi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi A.Qodirov. - Baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida shu ko‘chaga svetofor o‘rnatib berishlarini so‘ragandim. Hozircha svetofor ustunlarini qo‘yishdi, yaqin kunlarda svetoforni o‘ziniyam o‘rnatamiz, deyishdi.
Shuningdek, yo‘l masalasi bo‘yicha 12 fuqarodan murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularga bu masala 2020 yilgi davlat dasturiga kiritilib bosqichma-bosqich ta’mirlab berilishi tushuntirildi. Toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha to‘rtta murojaat kelib tushgan bo‘lib, uning ikkitasi suv inshooti qurish bo‘yicha edi. Ularga 2019 yilgi manzilli dastur asosida inshoot barpo etilishi belgilanganligi ma’lum qilindi.
Gulruh MO‘MINOVA.