Iqtisodiyot yuksalsa, muammolarga oson yechim topiladi
Viloyat teleradiokompaniyasining 1 avgustdagi «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvida viloyat iqtisodiyot va sanoat, bandlik, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Viloyatda birinchi yarim yillikda erishilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida to‘xtalar ekan, viloyat iqtisodiyot va sanoat boshqarmasi boshlig‘i X.Nazarov shunday dedi:
- Joriy yilning birinchi yarmida viloyatimizda 15 trillion 383 milliard so‘mlik yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarildi. Sanoat yo‘nalishida 7 trillion, qishloq xo‘jaligida 10 trillion, pudrat ishlarida 2 trillion, chakana savdoda 6,8 trillion so‘m, xizmatlar ko‘rsatishda 5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.
Shunga qaramasdan, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayapmiz. Viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining atigi 12 foizi, go‘sht mahsulotlarining 8 foizi, sutning 25 foizi qayta ishlanyapti, xolos. Yaqinda Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida oldimizga ko‘plab vazifalarni qo‘ydi. Foydalanilmayotgan binolar, yer maydonlari, yaylovlarni o‘zlashtirish, har bir sohaning ichiga kirib, tadbirkorlarga yaqindan yordam berish bo‘yicha amaliy ishlarga qo‘l urish lozim.
Muloqot ekspertlari - Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori M.Pardayev, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati F.Toshev aholi farovonligini oshirish, joylardagi mavjud muammolarga yechim topish iqtisodiyotning yuksalishi bilan bog‘liq ekaniga to‘xtaldi.
- Viloyat iqtisodiyotini ko‘tarish borasida hali anchagina kamchiliklarimiz bor, - dedi M.Pardayev. - Shuncha imkoniyat yaratib berilishiga qaramasdan, viloyatda import bilan eksport orasidagi tafovut juda katta (182 million AQSh dollari miqdorida eksport, 632 million dollarlik import qilingan). Mahsulotlarni eksportbop ishlab chiqarib, ularni xalqaro andazalar darajasiga yetkazganimizda edi eksportimiz importga nisbatan oshgan bo‘lardi.
Katta turizm salohiyatiga ega viloyatda xizmatlar eksporti ham maqtanarli darajada emas. Chunki xizmatlar eksporti – bu tashqaridan kelganlarga shu yerning o‘zida xizmat ko‘rsatish degani. Yetakchi turizm mutaxassislari bilan gaplashganimizda, ular Samarqandda moddiy-texnik baza yuqori darajadaligi, ammo xizmatlar ko‘lamining pastligi, oqibatda sarf-xarajatga mo‘ljallab olib kelgan pullarining yarmini qaytarib olib ketishayotganini ta’kidlashadi.
Iqtisodiyotning ana shu tomonlarini izchillik bilan ko‘rib chiqish zarur. Prezidentimiz ham aynan shu masalani o‘rtaga tashlayapti. Mahsulotni shunchaki ishlab chiqarish emas, sifatli, eksportbop tayyorlash, sifat bahonasida narxlarni oshirmaslikni talab etyapti. Shuning uchun kadrlar, tadbirkorlar bugungi kun ruhi bilan ishlashi kerak.
Bahs-munozara tarzida o‘tgan muloqotda viloyat fuqarolari tomonidan ellikka yaqin savol yo‘llandi. Tadbirkorlik, pensiya ta’minoti, bandlik masalalariga oid savollarga byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Z.Jo‘rayev, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Usmonov, savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Suyunov javob qaytarish barobarida fuqarolarga huquqiy maslahat va tushunchalar ham berishdi.