"Olg‘a"liklar muammolari hal bo‘lishini qachongacha kutadi?
14 iyun kuni «Zarnews.uz» telegramm kanali hamda veb-saytida Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi nafaqaxo‘r A.Eshmirzayevning «Olg‘aliklarning muammolarini kim hal qilib beradi?» maqolasi e’lon qilingan edi.
Tuman hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, maqolada keltirilgan "Olg‘a" mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud muammolar atroflicha o‘rganib chiqildi.
Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bo‘lmagan aholi punktlarini toza suv bilan ta’minlash maqsadida Olg‘a-Hazarmali hududlarida 2019-2020 yillarda loyiha qiymati 5 milliard 270 million so‘m bo‘lgan ichimlik suv inshooti va 20 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortilishi Investitsiya davlat dasturiga kiritilib, qurilish-montaj ishlari to‘liq bajarildi.
Olg‘a-Hazarmali aholi yashash punktlarining yer ostida toza ichimlik suv manbasi bo‘lmaganligi sababli Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Xushali qishlog‘ida suv manbasi aniqlanib, suv inshootining suv nasoslari uchun 9 kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 1 dona TP-63 transformator o‘rnatildi. Xushali qishlog‘idagi suv inshootidan "Olg‘a" mahallasigacha 15,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 160 pogonometr himoya devori, sig‘imi 200 metr kub bo‘lgan suv hovuzi va suv nasosi saqlash xonalari qurildi.
2020 yilda Olg‘a hududidan Chorvador mahallasiga 5 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, ushbu hududda 1 dona suv saqlash inshooti qurildi. Mazkur inshootlardagi ichimlik suvi Nurobod tumani davlat sanitariya-epidemologiya nazorat markazining 2020 yil 14 oktyabrdagi «Ichimlik suvi va ochiq suv havzalarini tekshirish bayonnomasi»ga asosan ichishga yaroqliligi hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan. Ushbu suv inshootidan Olg‘a va Chorvador mahallalaridagi aholi hamda hududdagi ijtimoiy soha ob’yektlarida foydalanib kelinmoqda.
Shuningdek, kelgusida hududdagi aholini to‘laqonli ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 1 dona maxsus suv tashuvchi maxsus texnika ajratilishi rejalashtirilgan.
Olg‘a va Hazarmali mahallalarida 5 kilometr ichki tuproq yo‘llar tosh qoplamali yo‘llarga aylantirilgan. Shuningdek, hududdagi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarining 10 kilometr qismida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lib, joriy yilning 15 iyuliga qadar 1,1 kilometr ichki yo‘lni asfalt-beton qoplamali yo‘llarga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga joriy yilda davlat dasturiga asosan 1 dona transformator va 120 dona temir-beton ustunlar o‘rnatish hamda 6 kilometr elektr havo tarmoqlarini tortish-o‘rnatish ishlari bajarilishi belgilangan.
Maqolada mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi maktablar haqida ham yozilgan. Bu yerda 3 ta umumta’lim maktabi bor. 30-umumta’lim maktabida sport zali mavjud bo‘lib, mahalla o‘quvchi-yoshlarining sport sohasida mashg‘ulotlar olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yetarli.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchi kurs talabalariga pedagog xodimlarga ehtiyoji mavjud bo‘lgan maktablar faoliyati tanishtirilib, fanlar kesimida 3 tomonlama shartnomalar imzolanmoqda.
Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi sinfxona, o‘quv qurollari va jihozlarining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar 2021-2022 o‘quv yili boshlanguniga qadar to‘liq bartaraf etiladi.
Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati.