Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot: Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi

Bugun, 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisini joriy yil 19 iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva Yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan har bir masala yuzasidan xalq fikrini e’tiborga olish, qolaversa, hududlardagi muammolarni doimiy tarzda o‘rganib borish va ularni yalpi majlis muhokamasiga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

“Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida”gi, “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Bundan tashqari, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar senatorlar tomonidan muhokama qilinadi.

“2007 yil 27 iyundagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019 yil 29 aprel) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925 yil 17 iyun) qo‘shilishi haqida”gi qonunlari ham yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalardan sanaladi.

Shu bilan birga, Adliya vazirining O‘zbekiston Respublikasida 2019 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti, qolaversa, Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitilishi nazarda tutilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Kengash majlisida Senat qo‘mitalari tarkibiga o‘zgartirish kiritish, xususan, Qudratulla Rafiqovni Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Sanobar Suyarovani esa Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zoligiga saylash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

axborot xizmati.