«Oltin ko‘ylak» sindromi yoki pul topish uchun insofdan kechish shartmi?
Bir vaqtlar ijtimoiy tarmoqlarda hindistonlik magnatlardan biri o‘zining tug‘ilgan kuniga to‘rt kilogramm tosh bosadigan oltin ko‘ylak tiktirgani haqida o‘qib, taajjubga tushgandim. Shu ko‘ylakning puliga yuzlab qashshoqlarning qornini to‘ydirsa bo‘lardi-da. Buni qarangki, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, bizda ham puldan sarupo kiyganlar paydo bo‘ldi - «yangi» boylar yangicha udumlarni o‘ylab topishmoqda.
To‘g‘ri, bozor iqtisodiyoti, pul topish uchun juda qulay bir davrda yashayapmiz. Kalavaning uchini topganlar oddiy narsalardan ham «biznes» yasab, tezda boyib ketyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin pulning ortidan quvib, vijdonni boy bermayapmizmi? Haromni ham «biznes» deyayotganimizga qaraganda, iymonnida pullashga tayyordekmiz.
Uzoqqa bormaymiz, ko‘chaga chiqing, har qadamda dorixona. Xo‘sh, viloyatimizda nega dorixonalar buncha ko‘p, bilasizmi? Sababi, dori «biznes»i hozir katta foyda keltiryapti. Bu oddiy biznes emas, balki inson salomatligi, hayoti ustiga qurilgan juda jirkanch tijorat. Shifoxonaga borasiz, shifokor tayinli tekshiruvlarsiz "bir dunyo" dori yozadi. «Mehribon»lik qilib, bu dorilarni qaysi dorixonadan topish mumkinligini ham aytadi. Tanish vaziyat, shundaymi? Eng qizig‘i, bu dorilar pistonchi firmaniki bo‘lib, shifokor sotilgan har bir dori uchun «qo‘shimcha haq» oladi. Vaziyat shu darajaga yetib bordiki, bugun aksariyat shifokorlar bu qo‘shimcha «biznes»ini yashirmay qo‘ydi. Xalq esa ilojsiz. Isitmasi chiqsa, o‘zingdan chiqqan baloga.., deb yana o‘sha do‘xtirga murojaat qilishga majbur. Ularning o‘rnida siz bo‘lganingizda, bu imkoniyatdan foydalanmagan bo‘larmidingiz? Ishonchim komilki, bu savolga vijdoni oldida xolis javob berganlarning yuzdan birigina «Yo‘q, oyligimga qanoat qilib yashardim», deya qat’iy javob beradi. Boshqalar allaqachon xayolida hali qilmagan qilmishini oqlash yo‘llarini izlay boshladi.
Kasalxona qurgan bemorning yuziga emas, cho‘ntagiga qarab muomala qilishi, mehmonxona qurgan unda ishrat uchun sharoit yaratishi, korxona ochgan ishchilariga mehnatiga yarasha haq to‘lamasligi, oddiy do‘kondor ham savdo madaniyatiga amal qilmasligi normal holatga aylanib ulgurdi. Pul topsa bo‘ladigan soha borki, unda qalloblik, firibgarlik muhiti hukmron. Biznes shunaqa bo‘ladimi?
Tanishim aytib qoldi: «Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Lekin qaysi ishni surishtirmay, tizimni, xalqni aldamasdan foyda qilish qiyin ekan. Do‘kon ochsang, soliqdan qochish uchun chek bermasliging kerak, oshxona ochsang, masalliqlar sifatiga ko‘z yumasan yo xizmat haqini oshirasan. O‘ylab-o‘ylab novvoyxona ochdim. Foydasi kamroq bo‘lsa-da, halol pul topyapman».
Hindistonlik oltin ko‘ylak sohibiga kelsak, izlab bildim, u muhtojlarga yordam beruvchi homiy sifatida ham taniqli ekan. Uning libosiga emas, yaxshi amaliga taqlid qilinsa bo‘lardi. Aslida, bu masalada biz boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lishimiz kerak.
Asqar Barotov.