Go‘sht tayyorlash ehtiyojni qondiradimi?

Go‘sht mahsulotlarida oqsil va aminokislotalar mavjud. Bu moddalar inson organizmida juda yaxshi o‘zlashtiriladi. Go‘shtning bir kunlik iste’mol me’yori 150-220 gramni tashkil etadi. Bu me’yoriy ko‘rsatkich kishining vazni, jismoniy yuklamalar darajasi va individual xususiyatlariga qarab belgilanadi. Go‘sht organizm uchun zarur bo‘lgan temir, oqsil va B-12 vitaminini yetkazib beradi. Lekin shifokorlar go‘shtning barcha foydali jihatlarini saqlab qolish uchun uni qaynatib yoki bug‘da pishirib, ko‘katlar, salat, sabzavot, dukkakli mahsulotlar bilan iste’mol qilishni tavsiya etishadi.
Go‘sht yetishtirish talabni qondiradi(mi?)
- Gonkong - 136,3 kilogramm (yilda har bir odamga)
- AQSh - 128,6 kilogramm
- Avstraliya - 121,5 kilogramm
- Mongoliya - 111,6 kilogramm
- Argentina - 111,2 kilogramm
O‘tgan yil viloyatimizda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 600 milliard 674 million so‘mlik 82 ta loyiha ishga tushirilgan. Jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 103 milliard 406 million so‘m va mol bosh soni 4685 bosh bo‘lgan 33 ta loyiha, omuxta yem ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati 4 milliard 490 million so‘mlik 1 ta loyiha amalga oshirilgan. Ishga tushgan loyihalar hisobiga 622 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Barcha toifadagi xo‘jaliklarda go‘sht yetishtirish 326,9 ming tonnaga (o‘sish sur’ati 103,1 foiz) yetdi. Shu davrda viloyatga chetdan 2742 (845 bosh naslli va 1897 bosh go‘sht uchun) bosh qoramol hamda 10 ming 62 bosh mayda shoxli hayvonlar, shundan 3680 bosh naslli qo‘y olib kelingan.
Joriy yilda bu yo‘nalishda umumiy qiymati 400 milliard 897 million so‘mlik 85 ta loyihani ishga tushirish, jumladan, qoramolchilikda qiymati 126 milliard 300 million so‘m, mol bosh soni 4822 bosh bo‘lgan 37 ta loyiha amalga oshiriladi va natijada 726 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Joriy yilda chet davlatlardan 2263 bosh naslli qoramol hamda 5 ming bosh naslli qo‘y-echki olib kelish rejalashtirilgandi. Hozirgacha viloyatga chetdan jami 4224 bosh qoramol hamda 1160 bosh naslli qo‘y olib kelingan.
Eng ko‘p iste’mol qilinadigan go‘sht
- Tovuq go‘shti (va parranda) - 105 ta davlatda yetakchi
- Cho‘chqa go‘shti — 41 ta davlat
- Qoramol go‘shti — 29 ta davlat
Viloyatda 2025 yilda qoramol bosh sonini 1805 ming boshga (102,2 foiz), sigirni 771 ming boshga (102 foiz), qo‘y-echki sonini 2724 ming boshga (102,5 foiz), go‘sht (tirik vaznda) ishlab chiqarishni 349 ming tonna (106,7 foiz), sut ishlab chiqarishni 14511 ming tonnaga (103,8 foiz) yetkazish ko‘zda tutilgan.
- Shu kungacha qiymati 188 milliard 131 million so‘mlik loyihalar ishga tushirilib, qoramolchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 70 milliard 830 million so‘mlik 23 ta loyiha amalga oshirildi, - deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Odilxon Baqoyev. - Xuddi shunday, qo‘ychilik yo‘nalishida qiymati 21 milliard 601 million so‘mlik 6 ta loyiha (6300 bosh qo‘y) tashkil etildi. Misol uchun, Toyloq tumanidagi “Akmal Toshpo‘latovich” fermer xo‘jaligi tomonidan Rossiya davlatidan 20 milliard so‘mlik 1000 bosh naslli qoramol olib kelindi. Yana Toyloq tumanidagi “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligi tomonidan Xitoy davlatidan 30 milliard so‘mlik 1000 bosh naslli qoramol, Past Darg‘om tumanidagi “K.Eldor” fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniya davlatidan 35 milliard so‘mlik 1000 bosh naslli qoramol keltirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, avgust oyigacha 2800 bosh naslli qoramol, 21 ming bosh go‘sht yo‘nalishidagi qoramol Rossiya, Qozog‘iston va Belarus davlatlaridan import qilindi.
Mol go‘shti iste’moli bo‘yicha yetakchi davlatlar
- Argentina - 46,9 kilogramm
- Zimbabve - 42,3 kilogramm
- AQSh 37,9 kilogramm
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “BUTChER ShOP” MChJ tomonidan xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan 32 milliard so‘mlik chorvachilik kompleksi tashkil etish, mazkur kompleksda 800 bosh chorva mollari parvarishlash yo‘lga qo‘yilishi bilan 150 tonna go‘sht hamda 3 ming 300 tonna sut mahsuloti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, korxonada 50 tonna go‘sht, 2500 tonna sut va 10,9 ming dona terini qayta ishlash, 13,4 ming tonna yem mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
2025-yilda viloyatdagi aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun 184 ming tonna go‘sht, 1 million 334 ming tonna sut va 894 million dona tuxum ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Go‘sht iste’mol normasi qancha?
- Insonning go‘sht iste’moliga bo‘lgan yillik talabi 42,8 kilogramni tashkil etadi, - so‘zida davom etadi O.Baqoyev. - Shundan kelib chiqsak, viloyatimiz aholisi uchun yiliga 180 ming tonna go‘sht zarur. Hozirda viloyatdagi jami chorvachilik subektlari tomonidan 349 ming tonna tirik vaznda, 206 ming tonna sof holda go‘sht ishlab chiqariladi. Bu esa 42,8 kilogramm talab o‘rniga har bir kishiga 49 kilogramdan go‘sht to‘g‘ri kelishini bildiradi.
Har qanday subekt uchun chorva mollari boqish, ayniqsa go‘sht tayyorlashda omuxta yem zarurati bo‘ladi. Chunki bitta chorva moliga kuniga o‘rtacha 2-4 kilogramm omuxta yem berish kerak. Buning uchun viloyatimizdagi yem tayyorlash korxonalari tomonidan yiliga 485,6 ming tonna omuxta yem ishlab chiqariladi va ehtiyojdan ortgan qismi Afg‘oniston, Qozog‘istonga eksport qilinadi. Lekin hozirda bozorlarimizda bunday yem mahsulotlari narxi kilogrami o‘rtacha 7 ming so‘mni tashkil etadi. Bu esa tabiiyki go‘sht narxiga ham ta’sir qiladi. Omuxta yem qimmatligining sababi ishlab chiqarish xarajatlarining ko‘pligi bilan bog‘liq. Shu bois hozir bizda bir kilogramm go‘sht o‘rtacha 95 ming so‘mdan tayyor bo‘ladi.
Qo‘y va echki go‘shti iste’moli bo‘yicha yetakchi davlatlar
- Mo‘g‘uliston- 66,3 kilogramm
- Islandiya - 21,8 kilogramm
- Bahrayn - 21,4 kilogramm
Hozir aholida jami 1,5 million bosh chorva moli bor va ular yiliga 126,6 ming tonna go‘sht tayyorlaydi. Fermer xo‘jaliklarda esa 110 ming bosh qoramol boqilmoqda. Yana shuni aytish kerakki, xorijdan import qilinayotgan naslli qoramollar hisobiga mahalliy chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish va zotini yaxshilash ham maqsad qilingan. Hozirgacha bu yo‘nalishdagi ishlar tufayli 65-70 foiz mahalliy chorva mollarining naslini yangilashga erishildi. Bu esa albatta, go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirish, ehtiyojni qondirib, keyinchalik mahsulotni eksport qilish imkonini ham beradi.
Davlatimiz rahbarining Mo‘g‘uliston davlatiga oliy darajadagi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga asosan, ushbu mamlakatdan 100 ming bosh qo‘y va echki olib kelinadi. Shunga asosan bugungi kunda viloyatimizda 12 ta tashabbuskor tomonidan qiymati 1,8 million dollarlik jami 9750 bosh “Byanma” zotli qo‘y va echkilarini yil yakuniga qadar olib kelish hamda 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish choralari ko‘rilyapti.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.