Yog‘, go‘sht va kartoshka importiga berilgan soliq imtiyozi muddati uzaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar QQS bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqqan
"Loyiha deputatlar tomonidan birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi", deb yozadi deputat Rasul Kusherbayev.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 2022 yil 30 aprelga qadar bo‘lgan davrda quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
- O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
- o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
Ta’kidlash lozimki, ushbu qonunni qabul qilish Davlat byudjetining 800,0 mlrd. co‘m atrofida daromadlari yo‘qolishiga olib keladi. Yo‘qotilgan summani soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, shuningdek, alohida imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hisobiga qoplash ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz: avvalroq Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun imzolangan. Unga ko‘ra, 2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq go‘shti), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangandi.