Kartoshka qachondan boshlab ekiladi?
Yurtimiz mutaxassislari kartoshka ekish muddatlarini mintaqalarning iqlim sharoitiga qarab quyidagi muddatlarni tavsiya qilishadi:
— Toshkent, Samarqand viloyatlari va Farg‘ona vodiysida 25 fevral – 10 mart;
— Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatida 15 fevral – 1 mart;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 10–20 mart.
Ekish muddati 10 kunga kechiksa, hosil 10–12 % kamayishiga olib keladi.
Bunda pishib yetilish davri qisqa bo‘lgan kartoshkaning ertapishar navlardan: Sante, Nevskiy, Rozara, Latona, Agave, Granola, Zarafshon, Red skarlet va o‘rta ertapisharlardan: Alvara, Arinda, Beluga, Viktoriya, Draga, Kondor, Karlena, Marfona, Fabula, Ramona navlarini ekish tavsiya etiladi. Agar kartoshka navini aniq bilmasdan o‘rtapishar yoki o‘rta kechki navlar ekilsa, oq tuganak ildizlari kech paydo bo‘ladi va kunlar isib ketib g‘ovlab ketadi.
Kartoshka hosilini oshirish, sifatini yaxshilash va erta yetilishini ta’minlash uchun o‘rta va yirik hajmli urug‘lik tuganaklarni undirib ekish lozim.