Import qilingan kartoshkada xavfli organizmlar aniqlandi

Yaqinda Eron va Pokistondan mamlakatimizga olib kirilayotgan kartoshkada xavfli, zararli organizmlar – oltinrang va nimrang nematodalar bilan zararlanish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Pokistondan 160 tonna va Erondan 120 tonna import qilingan kartoshkada O‘zbekistonda karantin ob’yekt­lari ro‘yxatiga kiritilgan oltin rangli kartoshka nematodasi topildi. Kartoshkaning ushbu partiyalari 14 ta yuk mashinasida yetib kelgan.

Oltinrang va nimrang nematodalar kartoshka va boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligini 80-90 foizgacha yo‘q qiluvchi xavfli organizm hisoblanadi. Ularning butun dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi ekinlariga yillik zarari 100 milliard dollardan ortishi hisoblab chiqilgan. Keltirilgan mahsulotni fumigatsiya va boshqa tartib-qoidalar bilan zararsizlantirishning imkoni yo‘qligi sababli 3 525 tonna kartoshka eksport qiluvchi davlatlarga qaytarildi, yana 775 tonnasi yo‘q qilindi. Bunday holatlar qayta takrorlansa, O‘zbekiston Eron va Pokistondan kartoshka import qilishni butunlay taqiqlashi mumkin.

Ushbu mamlakatlarning karantin organlari fitosanitariya talablari buzilganligi haqida xabardor qilinib, holat bo‘yicha ikki davlatga e’tiroznoma yuborildi. Pokiston kasallik aniqlangan barcha yuklarning fitosanitar sertifikatlarini o‘rganib chiqib, ularning qalbakilashtirilganini ma’lum qildi.

Hozirda aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilib, Eron va Pokistondagi fitosanitariya talablariga muvofiq kartoshka eksport qiluvchi korxonalar ro‘yxati tuzilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Pokistondan olingan kartoshka Afg‘onistonda boshqa mamlakatlarda yetishtirilgan kartoshka bilan aralashtirilib, ozuqa sifatida foydalanilgan.

Eron joriy yilda O‘zbekistonga kartoshka yetkazib berish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Yanvar, iyul oylarida bu mamlakatdan sabzavot mahsulotlari importi 119 ming tonnani (umumiy import hajmining 38,5 foizini) tashkil etdi. Qozog‘iston ikkinchi (85 ming tonna, 27,4 foiz), Pokiston uchinchi o‘rinda (75,5 ming tonna, 24,4 foiz).

Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati.

***

R/s: Mamlakatimiz agrar tarmoqda keng imkoniyatlarga ega bo‘lsa, xususan, kartoshka yetishtirishda ham sharoit yetarli. Asosiy va takroriy ekinlar rejalashtirilganda ham aholining mahsulotga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilib, undan ortgan qismi zaxira va eksportga chiqariladi. Shunday ekan, xorijdan bu kabi xavfli sabzavot mahsulotlarini xarid qilishni kamaytirish fursati yetmadimikan?