“Lasetti”ning pulini qo‘shnilariga tarqatgan dehqon

Donasi bir kilogramm tosh bosadigan kartoshka yetishtiradigan dehqon haqida eshitganmisiz? U - To‘raqul Berdimurodov. Nurobod tumanining Xalqobod mahallasida yashaydi.

- Bir tupidan 8 kilogacha hosil olaman, - deydi u. – O‘tgan yili yetishtirgan kartoshkalarimning eng kattasi bir kilodan ziyod bo‘ldi. 2004 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanaman. Avvaliga farzandlarim bilan tomorqamizdagi 12 sotixlik yer maydonida kartoshka yetishtirib ko‘rdik. Birinchi yili 8 tonna hosil oldik. O‘sha paytda bozorda bir kilo kartoshkaning narxi 300 so‘m edi. Yelkamga orqalab bozorga olib chiqqan bir qop kartoshka puli bor-yo‘g‘i 15 ming so‘m bo‘lardi. Shuning uchun omborga joylab qo‘ygan kartoshkaning barini qo‘ni-qo‘shnilarga 250 so‘mdan qarzga tarqatdik. Ko‘klamga kelib, uning narxi 2600 so‘mga ko‘tarilib ketdi. Turmush o‘rtog‘im bilan hisoblab ko‘rib, agar kartoshkani shu paytgacha saqlab turganimizda uning puliga “Lasetti” mashinasini sotib olishimiz mumkinligini o‘ylab qoldik. Ammo afsuslanganimiz yo‘q. Yana kartoshka yetishtirishda davom etdik.

Bugungi kunga kelib, To‘raqul aka gektarlab maydonda dehqonchilik qilyapti. Bundan ikki yil avval 2 gektar yerga kartoshka urug‘ini qadagandi, ammo...

- 2021 yil 18 fevral kuni 2 gektar maydonga 40 million so‘mdan ziyod xarajat qilib, urug‘ qadadim. - deydi u. - Biroq 20 fevral kuni havo harorati pasayib, -11º daraja bo‘ldi. Shu sabab ekkanimizning aksariyat qismini sovuq urdi. Bu zarardan keyin, hokimlik eshigini taqillatishga majbur bo‘ldim. Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magi bilan yer maydoni va kredit ajratiladigan bo‘ldi.

To‘raqul aka o‘tgan yili 31 million so‘m imtiyozli kredit evaziga urug‘ sotib oldi va 1 gektar yerda kartoshka yetishtirdi.

- Bizga ajratilgan yer katta yo‘l yoqasida joylashgan, - deydi T.Berdimurodov. - O‘tgan yili Buxorodan Samarqandga borayotgan yo‘lovchilardan biri bo‘lgan otaxon to‘xtab, biz parvarishlayotgan kartoshkalarni ko‘zdan kechirdi va 50 tonna hosil olish mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ishonmadim. 30 tonna hosil olamiz, deb o‘ylagandim. Otaxon haq ekan. 50 tonnaga yaqin hosil olib, 120 million so‘m daromad qildik. Bankdan olgan kreditni butunlay qaytardik. Shu yil 3 gektar maydonga kartoshka ekish niyatidamiz.

Oddiy, samimiy, kamtarin, shu bilan birga tajribali dehqon Turdiqul Berdimurodov o‘zi yashayotgan Xalqobod mahallasida qiziqqan kishilarga kartoshka yetishtirish sirlarini o‘rgatishga tayyorligini aytdi.

- Menga ergashib, yon qo‘shnilarim ham katta maydonlarda kartoshka yetishtiryapti, - deydi To‘raqul aka. - Mahallamiz yoshlari orasida ham bu ishga qiziqayotganlari ko‘p. Men ularga qo‘limdan kelgancha dehqonchilik sirlarini o‘rgatishga harakat qilyapman.

To‘raqul Berdimurodovning maqsadi boshqa joylardagi kabi Xalqobodda ham “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida ishni yo‘lga qo‘yish.

To‘lqin Siddiqov,

Husan Eltoyev (surat).