Samarqandda kartoshkaning yangi navi yaratildi

“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi ma’lum qilishicha, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish institutining Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi olimlari tomonidan shu paytgacha 35 ta yangi nav yaratilgan.

Jumladan, yaqinda kartoshkaning “Bog‘izog‘on”, pomidorning “Mustaqillik-28” navlari Toshkent nav sinash ilmiy tekshirish institutiga yuborildi.

- Olimlarimiz kartoshka urug‘chiligi borasidagi import miqdorini qisqartirish, iqlim sharoitimizga mos yangi kartoshka navlarini yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borishmoqda, – deydi sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi direktori Shavkat Jabborov. – Birgina 2021 yilda 8 tonnadan ortiq sabzavot, poliz ekinlarining mahalliy urug‘lari ishlab chiqarildi. Jumladan, kartoshaning 60 tonnadan ziyod iqlim sharoitimizga mos, serhosil navlari viloyatdagi 20 ga yaqin urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi. Joriy yilda Toyloq tumanidagi urug‘chilikka ixtisoslashgan uchta fermer xo‘jaligida kartoshkaning “Bog‘izog‘on” navi sinovdan o‘tkaziladi.

–  Bugungi kunda viloyatimizning Bulung‘ur, Toyloq hamda Samarqand tumanlari kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Xushnud Nurbekov. – Joriy yilda viloyat bo‘yicha 20 ming gektar maydonda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 50 ming tonna kartoshka urug‘i talab etiladi. Ayni kunlarda 31 ming tonnadan ziyod urug‘lik kartoshka zaxirasi shakllantirilgan. Xorijdan keltiriladigan urug‘lik ham belgilangan tartibda tekshirilib, so‘ngra ekishga ruxsat berilmoqda.