Bozorda sifatsiz go‘sht mahsulotlarining sotilishiga chek qo‘yilibdi. Ammo...

Telegram kanalimizda kecha, 2 iyul kuni “Urgutda hamon sifatsiz go‘sht sotilmoqda, mutasaddilar esa mum "tishlab" o‘tiribdi” mavzusida tanqidiy maqola e’lon qilgan edik.

Tahririyatimizga maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan “Dehqonobod dehqon bozori” MChJ direktori J.Ergashev javob yo‘lladi. Unda J.Ergashev quyidagilarni ma’lum qilgan:

“Joriy yilning 7 iyunida ushbu telegram kanalda e’lon qilingan maqola bo‘yicha bozorga biriktirilgan tuman veterinariya xodimiga tuman veterinariya bo‘limi tomonidan, bozordagi shu hudud pattachisiga esa bozor ma’muriyati tomonidan intizomiy chora ko‘rildi. Ushbu holatlarning barchasi bartaraf qilindi, bugungi kunda bozorda sifatsiz go‘sht mahsulotlarining sotilishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Aslida bu holat ikki sotuvchining o‘zaro kelishmovchiligidan kelib chiqqanligini hamda bugun kunda bozorda bunday holatlar nazoratga olinganligini ma’lum kilamiz”.

P\S: Bozorda sifatsiz go‘sht mahsulotlarining sotilishiga yo‘l qo‘yilmayotgani, maqolada bildirilgan holatlarning barchasi bartaraf qilingani yaxshi. Ammo maqolamizda ushbu holat fonida veterinariya xizmati xodimlariga ham e’tirozimiz borligini, ularga viloyat hokimi tomonidan hududlarda sotilayotgan go‘sht mahsulotlari sifati ustidan nazoratni kuchaytirish topshirig‘i berilganligini eslatgandik.

O‘ylaymizki, viloyat veterinariya boshqarmasi maqolada keltirilgan savollarimizga va albatta, ushbu bozordagi holatga javobgar idora vakili va funksional vazifasi jihatidan javob yo‘llaydi.