Go‘sht yetarli, faqat uni taqsimlashda jiddiy yondashuv, tartib va intizom kerak

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda mamlakatimizda tirik vaznda 2,5 million tonna go‘sht yetishtiriladi, so‘yilgan holda bu 1,4 million tonna mahsulot degani. Uning 1,1 million tonnasi chorva va 0,3 million tonnasi parranda go‘shtidan iborat. Hozirgi narxlarda bu taxminan 7,5 milliard AQSh dollariga teng hisoblanadi va buning ustiga 10 million tonna miqdordagi sut va 8 milliard dona tuxum qiymatini qo‘shsak, umumiy summa 13 milliard dollarga yetadi. Bu mamlakatimiz aholisi yalpi pullik daromadlarining 40 foizi degani.

Agar bunga non, choy, moy, shirinliklar, meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga ketadigan xarajatlarni qo‘shsak, ushbu nisbat (ko‘rsatkich) 75 foizga yetadi. Endi o‘zingiz tasavvur qiling. Faqat oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon sotib olish va kommunal to‘lovlarga aholi pullik daromadlarining 80 foizi sarflansa, nooziq-ovqat mahsulotlari, uy-joy qurilishi, aloqa va transport, ta’lim va tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish qay darajada bo‘lishiga baho berish qiyin kechmaydi. Achinarlisi, aholi iste’moli jarayonida vujudga kelgan salbiy tendensiya davom etmoqda va buning isboti sifatida quyidagi misolni keltirish mumkin. Yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari 1,3 foizga o‘sdi, bu esa yillik o‘sish 15 foiz darajasida degani. Ishonish qiyin, ammo rasmiy statistikadagi holat aynan shunaqa. Taajjublanarlisi shuki, shu paytgacha biron-bir davlat mulozimi yoki iqtisodchi- olimlarimiz shunchalik chigal bo‘lib ketgan nomutanosiblikka jiddiy e’tibor qaratmagan, unga nisbatan atroflicha fikr-mulohaza yuritmagan, iqtisodiy-ijtimoiy muammo sifatida ko‘tarib chiqmagan. Mening o‘zimga kelsak, bu masalani uch-to‘rt yil ilgari “O‘zbekiston ovozi” va “Ekonomicheskaya gazeta” gazetalari sahifalarida yoritgan edim, ammo berilgan takliflarimga nisbatan o‘sha paytda ijobiy yondashuv (aks-sado) sezilmadi. Hozirgi kun nuqtai nazaridan ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida ushbu muammo anchagina murakkab holga keldi va yechimi ham shunga yarasha qimmatroqqa tushishi aniq.

Endi chorvachilikni rivojlantirish masalasiga qaytsak.

Yaqin iqtisodiy tariximizdan  bilamizki, bir kishining yil davomida ratsional ovqatlanishi uchun 36 kilogramm go‘sht talab etiladi. Demak, O‘zbekiston aholisini ilmiy asoslangan me’yorlar asosida go‘sht bilan ta’minlash uchun 1 million 260 ming tonna go‘sht kifoya qiladi. Mehnat muhojirlari hamda yosh bolalarni inobatga olsak, ushbu miqdor muayyan darajada kamayadi. Bundan birinchi xulosa shuki, mamlakatimizda yalpi talabga nisbatan ancha ko‘proq go‘sht yetishtirilar ekan. Ma’lumki, aholi daromadlari muayyan darajada tabaqalashgan va muayyan oilalarning me’yor darajasida go‘sht sotib olish imkoniyatlari to‘lovchanlik qobiliyati nuqtai nazaridan cheklangan. Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt aholisi qancha go‘sht sotib olishiga doir so‘rovlar o‘tkazilganiga ko‘zim tushgan edi. O‘zim ham marketolog sifatida vaqt-vaqti bilan ushbu jarayonni o‘rganishga harakat qilib kelyapman va 4-5 kishidan iborat oilalarning salmoqli qismi bir oyda 3-4 kilogrammdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda go‘sht sotib olishini juda yaxshi bilaman.

Endi tabiiy savol tug‘iladi: agar mamlakatimiz aholisining go‘shtga nisbatan to‘lovchanlik qobiliyati 1 million tonna doirasida cheklanib qolayotgan bo‘lsa-yu, talabga nisbatan taxminan 400 ming tonna ziyod (ko‘proq) mahsulot yetishtirilayotgan bo‘lsa, qaysi maqsadda va qaysi iqtisodiy tahlil va marketing tadqiqotlari asosida chorvachilik va parrandachilik sohalari rivojiga bunday misli ko‘rilmagan darajadagi qiziqish vujudga keldi? Bunga qanday asoslar bor?

Shubhasiz, sohani takomillashtirmasdan turib go‘sht va sut narxlarini barcha aholi uchun cho‘ntakbop qila olmasligimiz aniq. Gap shundaki, shu paytgacha chorvachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorlar faqat uning tashkiliy sektori manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan, vaholanki qoramolning 93 foizi individual sektorda boqiladi. Sir emas, oxirgi yillarda paxta va g‘alla joylashtiriladigan maydonlar qisqartirildi, bu esa ozuqa bazasi balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, agar 200 ming gektar sug‘oriladigan yerlarda almashlab ekish yo‘li bilan ozuqabop ekinlar joylashtirilsa, go‘sht va sut yetishtirish hajmi o‘z-o‘zidan sezilarli darajada ko‘payishni, narxlar esa pasayishni boshlaydi. Natijadorlikka erishish uchun zudlik bilan, bir kun ham kechiktirmasdan ozuqabop ekinlar joylashtiriladigan maydonlarni viloyatlar va tumanlar kesimida aniqlab olish va jarayonga taalluqli barcha tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa omillarni ro‘yobga chiqarishni amalga oshirish kerak. Eng katta va murakkab vazifalardan biri - bu 4 million birlikdan iborat individual sektor tadbirkorlarini bugungi kunning eng dolzarb  muammosi yechimiga to‘laqonli tarzda va aql-idrok bilan jalb qila olishdan iborat. Gap shundaki, uzoq yillar davomida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga ikkinchi darajali ish sifatida yondashilgan va individual sektorda to‘plangan muammolarga aniqlik kiritish uchun juda kam vaqt qolmoqda.

Yuqorida keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisining turmush farovonligi chorvachilik sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishiga chambarchas bog‘liq. Shu nuqtai nazardan ushbu milliy iqtisodiyotimizdagi eng dolzarb va o‘ta muhim amaliyotga jamiyatimizning har bir a’zosi imkon qadar o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Ilhom Vafoyev,

SamISI bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiy sharhlovchi.