Go‘shtning narxi tushdimi?

Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash hamda narx-navo barqarorligiga erishish uchun viloyatimizdagi dehqon bozorlarida 19 ta arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilgan.
Ushbu savdo yarmarkalarida aholiga 32 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari muqobil narxlarda yetkazib berilmoqda. Asosiy e’tibor aholini arzonlashtirilgan go‘sht bilan ta’minlash, narx barqarorligini saqlash bo‘lmoqda.
Samarqand shahridagi “Temiryo‘l dehqon bozori” eng ko‘p go‘sht mahsulotlari sotiladigan bozorlardan hisoblanadi. Mazkur bozorda kuniga o‘rtacha 3 tonnaga yaqin go‘sht mahsulotlari sotiladi. Mustaqillik bayrami arafasida tashkil etilgan arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo yarmarkasida bozorga Oqdaryo, Toyloq va Past Darg‘om tumani dehqonlari 26 turdagi mahsulotni arzon narxda shahar aholisiga yetkazib bermoqda. Arzonlashtirilgan yarmarkada chorvadorlarimiz keltirgan yangi so‘yilgan go‘sht mahsulotlarining kilogrami 90 ming so‘mgacha sotilmoqda.
- Joriy yilning 1 avgustidan Toshkent shahridagi “CHOP” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Hindistondan keltirilgan muzlatilgan go‘sht arzon narxda, kilogrami 55 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha sotilmoqda, - deydi “Temiryo‘l dehqon bozori” 3-son veterinariya laboratoriyasi veterinariya vrachi Jamila Boltayeva. – Aslida bizga kelgan ma’lumotga ko‘ra, Hindiston, Pokiston va Belarus davlatlaridan muzlatilgan go‘sht kelishi kerak, lekin hozircha faqat Hindistondan import qilingan go‘sht keltirilyapti. Avvaliga odamlar muzlatilgan bu go‘shtdan xarid qilishmadi, xaridor yo‘qligidan go‘shtni qaytarib olib ketishdi ham, lekin keyingi 3-4 kundan buyon bu go‘shtga o‘rganib, xarid qiluvchilar ko‘paydi. Muzlatilgan holda import qilinayotgan go‘sht mahsulotlari kasallikdan himoyalangan, sertifikatlari bor, bojxonada tekshirilgan hujjatlar bilan kelyapti. Qolaversa, “Halol” sertifikati ham bor. Aksariyat umumiy ovqatlanish maskanlari ulgurji go‘sht yetkazib beruvchilardan import qilingan go‘sht xarid qilib foydalanishmoqda.
“Siyob dehqon bozori” joylashuvi va transport yo‘nalishlari bois eng ko‘p xaridor keluvchi qadimiy bozor hisoblanadi. Nafaqat shahar aholisi, balki tumanlardan keluvchilarning aksariyati kerakli mahsulotlarini shu bozordan xarid qiladi. Mazkur bozorda 8 ta go‘sht do‘koni va 10 ta go‘sht rastasi bor. Bu yerda kuniga 1,5-2 tonnagacha mol go‘shti o‘rtacha 100-130 ming so‘mdan, qo‘y go‘shti 110-140 ming so‘mdan sotiladi.
- Bayram arafasida tashkil etilgan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasida Jomboy, Bulung‘ur, Samarqand tumani dehqonlari o‘z mahsulotlarini xaridorlarga sotishmoqda, - deydi “Siyob dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati iqtisodchisi Asror Hasanov. – Shuningdek, aholini arzonlashtirilgan go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash uchun Hindiston, Mo‘g‘uliston davlatlaridan import qilingan go‘sht mahsuotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Hindistondan keltirilgan qoramol go‘shtining kilogrami 55 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha sotilmoqda. Mo‘g‘ulistondan keltirilgan qo‘y go‘shtining kilogrami 70-85 ming so‘m. Xaridorning istagidan kelib chiqib, mahalliy chorva mollarining yangi so‘yilgan go‘shti kilogrami 90 ming so‘mgacha sotilmoqda.
- Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “CHARTAK FIDANI", "PLATINUM MEATS CORP" va Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “CHOP” MChJlar tomonidan viloyatimiz aholisiga arzon narxda muzlatilgan go‘sht yetkazib berilmoqda, - deydi boshqarma xodimi Samar Azimov. – Buning uchun Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Payariq, Bulung‘ur, Urgut, Narpay tumanlari hamda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida arzonlashtirilgan go‘sht mahsulotlari savdo rastalari tashkil qilindi. Ushbu rastalarda Pokiston, Hindiston va Belarus davlatlaridan import qilingan muzlatilgan va sovutilgan go‘sht mahsulotlarining kilogrami 85 ming so‘mgacha sotilmoqda. Hozirgacha ushbu davlatlardan 2200 tonnadan ortiq muzlatilgan go‘sht mahsulotlari import qilinib, viloyatimiz bozorlarida savdoga chiqarildi. Shu bilan birga, viloyatimizdagi mahalliy go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Akmal Toshpo‘latov” fermer xo‘jaligi, “Oqdaryo Moniy charvador” va importyor "PLATINA MED" MChJlar tomonidan Toyloq, Jomboy va Ishtixon tumanlari aholisining arzon go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabi qondirib kelinmoqda. Shuningdek, Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Union Meet” MChJ bilan muzokaralar olib borilib, Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori” hududidan yer uchastkalari ajratilib, yengil konstruksiyali go‘sht rastalari qurilmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.