Eng munosib askarlarga tavsiyanomalar beriladi

Samarqand viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun test sinovlari boshlandi.

Test sinovlari respublika Prezidentining 2012 yil 3 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida tashkil etilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning:

40 tasi — jangovar tayyorgarlik,

20 tasi — ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik,

10 tasi — matematika fani,

10 tasi — fizika fani bo‘yicha test savollaridan, shuningdek, qolgan 20 tasi  mantiqiy test savollaridan iborat.

Baholash mezonlarida har bir to‘g‘ri javob uchun:

jangovar tayyorgarlik bo‘yicha — 1,2 ball,

ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha — 1,1 ball,

matematika bo‘yicha — 1 ball,

fizika bo‘yicha — 1 ball,

Mantiqiy savollar bo‘yicha — 1 ball beriladi.

Muddatli harbiy xizmatchilarga test sinovi uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

Test sinovidan yuqori ball to‘plab, tavsiyanomaga ega bo‘lganlar respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;

- respublikaning oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

Tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida qabul kvotalari beriladi.

Alohida qabul ko‘rsatkichlari har bir oliy ta’lim muassasasining bakalavriatiga (har bir ta’lim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi) bo‘yicha) o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining 5 foizi miqdorida belgilanadi.

Samariddin Suyunov,

Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi mutaxassisi.