O‘qituvchini ayblashdan to‘xtang!

Maktab nafaqat bilim maskani, balki inson xarakteri shakllanadigan, ma’naviy kamol topadigan muqaddas dargoh. 

Men bir necha yillik tanaffusdan so‘ng, yana o‘z kasbimga – jonajon maktabimga qaytdim. Bu muqaddas maskanda ish boshlar ekanman, bugungi ta’lim tizimidagi yutuqlar bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi sha’niga aytilayotgan turli tanqidlar va ota-onalar bilan yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar meni befarq qoldirmadi. O‘qituvchi sifatida qalbimdagi og‘riqlarni qog‘ozga tushirishga, jamiyatga murojaat qilishga qaror qildim.

O‘tmishning "shirin" jazolari va bugungi voqelik

"Bola bo‘lsang sho‘x bo‘l" deydi xalqimiz. Bolalikda hammamiz biroz bebosh, sho‘x bo‘lganmiz. Ustozlardan dakki eshitganmiz, balki kichik jazolar ham olganmiz. Qizig‘i shundaki, o‘sha damlarni eslaganda dilimizda nafrat emas, shirin tabassum uyg‘onadi. Nega? Chunki biz ustozning tanbehi ortida shaxsiyatimizni tahqirlash emas, balki kelajagimizga bo‘lgan kuchli mas’uliyat va otalarcha mehr borligini his qilardik. Ustoz oldidagi hayiqish qo‘rquv emas, yuksak hurmat edi.

Ilgari 3 yoki 4 baho olsak, uyga borishga botinolmasdik. Ota-onamiz kundalikni tekshirib, past baho uchun tanbeh berishardi. Chiroq o‘chganini bahona qilib, uy vazifasini bajarmasak, ustoz chizg‘ich bilan qo‘limizga urardi. Buni uydagilarga aytishni "ayb" hisoblardik. Aytgan taqdirimizda ham: "Bu senga kam, aslida yuzingga shapaloq tortishi kerak edi, do‘pposlash kerak edi! Vazifani vaqtida qilganingda, hatto chiroq o‘chgan taqdirda ham sham yorug‘ida dars tayyorlaganingda ustozing seni maqtardi" degan qat’iy javobni olardik. Bu ota-onaning ustozga bo‘lgan cheksiz ishonchi va ta’limga bo‘lgan ehtiromi edi.

Bugungi kun o‘qituvchisining dardi

Bugun esa manzara butunlay boshqacha. Hozirgi o‘qituvchi uchun bolani urish u yoqda tursin, sal qattiqroq gapirish ham katta muammoga aylanishi mumkin. Bolaga biroz qattiqqo‘llik qilinsa yoki past baho qo‘yilsa, ota-ona maktabga yugurib keladi.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor: agar o‘qituvchi "tinchgina ishlab yuray" deb indamasa, talabni susaytirib, baholarni shunchaki "chiroyli" qilib qo‘yib bersa-yu, bola yil yakunida hech narsani o‘rganmasa – baribir o‘qituvchi aybdor bo‘lib qolaveradi. Yil oxirida natija va sifat so‘ralganda, rahbariyat tomonidan: "Nega ko‘rsatkich past? Yil davomida nima ish qildingiz?" degan qat’iy va og‘ir savollar yana muallimga qaratilishi tabiiy. Natijada o‘qituvchi ikki o‘t orasida qoladi: bir tomondan ota-onaning asossiz e’tirozlari, ikkinchi tomondan rahbariyatning sifat va natija borasidagi talabi. Bu haqiqiy "boshi berk ko‘cha"dir.

Qadrli ota-onalar, bizning maqsadimiz yagona!

Biz bolangizni koyisak yoki qattiq gapirsak, bu uni yomon ko‘rganimizdan emas, balki uning ertasiga befarq bo‘la olmaganimizdandir. Farzandingizning yutug‘i – bizning eng katta mukofotimiz. Aslida, ular muvaffaqiyat qozonsa, biz sizdan ko‘ra ko‘proq quvonamiz, chunki bunda mehnatimiz mevasini ko‘ramiz.

To‘g‘ri, men ham bolaning ayovsiz kaltaklanishiga yoki shaxsiyatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlanishiga mutlaqo qarshiman. Ta’limda zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Lekin "ma’rifiy hayiqish" bo‘lmasa, bola ustozni hurmat qilmay qo‘yadi. Hurmat yo‘q joyda esa ilm yuqmaydi, baraka bo‘lmaydi.

Millat kelajagi yo‘lidagi ittifoq

"Ustozning zahri – otaning mehridan afzal" degan naql bejiz aytilmagan. Bugun davlatimiz o‘qituvchining qaddini va qadrini tiklash uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqda. Biroq, faqatgina moddiy rag‘bat bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy ta’lim – bu o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-ona o‘rtasidagi samimiy ishonch ko‘prigidir.

Agar bola ustozidan hayiqmasa, uning o‘gitlarini qulog‘iga ilmasa, bu faqatgina bir sinfning emas, balki butun bir millatning fojiasiga aylanadi. Keling, farzandlarimizga maktabga faqat baho uchun emas, balki haqiqiy bilim va odob olish uchun borishni o‘rgataylik. Ustozni ayblashdan to‘xtab, uning atrofida birlashaylik. Zero, kelajak avlod tarbiyasida biz bir-birimizga xalaqit beruvchi emas, eng yaqin ko‘makchi bo‘lishimiz shart. Shundagina biz orzu qilgan kuchli va ma’rifatli jamiyat qad rostlaydi.

Zahro Ibrohimova,

Nuroto tumani 41-maktab o‘qituvchisi.