171,9 milliard so‘m byudjet mablag‘lari noqonuniy ishlatilgani aniqlandi

2025 yilda viloyatimizda byudjet xarajatlari 10  trillion 556 milliard so‘mga ijro etildi. Bunda, jumladan, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 5 trillion 952 milliard so‘mni, iqtisodiyotga xarajatlar esa 1 trillion 163 milliard so‘mni tashkil etdi.

Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan viloyat prokuratura organlari tomonidan doimiy prokuror nazorati o‘rnatilgan.

Ana shu nazorat tadbirlari davomida o‘tgan yil viloyatimizdagi byudjet tashkilotlari tomonidan 171,9 milliard so‘m byudjet mablag‘lari qonun talablariga zid ravishda sarflangan. Xususan, 134,3 milliard so‘mlik noqonuniy xarajat va ortiqcha to‘lovlar amalga oshirilgan, 34,8 milliard so‘m jamg‘arma mablag‘lari belgilangan tartiblarga rioya etmagan holda ishlatilgan. Shuningdek, 2,8 milliard so‘mlik pul mablag‘lari va moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.

Byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi asosan ish haqi va boshqa to‘lovlarni hisoblash, maqsadsiz foydalanish, davlat xaridlarini amalga oshirish, bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish bilan bog‘liq holda sodir etilgan.

Noqonuniy sarflangan mablag‘larning asosiy qismi sog‘liqni saqlash (22  milliard), yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi (19  milliard), maktabgacha va maktab ta’limi (17,9 milliard), suv xo‘jaligi (8,9 milliard), ichimlik suvi va oqova suvi (19,9  milliard), avtomobil yo‘llari (3,8 milliard) hamda boshqa sohalar (80,4  milliard) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Misol uchun, Samarqand shahar Qorasuv massivida 1680 o‘rinli umumta’lim maktabi va sport zali qurilishida amalda bajarilmagan 662 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari qo‘shib yozilib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Nazorat tadbirlari davomida byudjet intizomiga rioya qilmagan 51 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar sudlarga yuborildi. Natijada tibbiyot sohasidan 16 nafar, qurilishdan 11 nafar, suv xo‘jaligidan 6 nafar, veterinariyadan 5 nafar, maktabgacha va maktab ta’lim hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari tizimidan 4 nafardan, madaniyat sohasidan 3 nafar, qishloq ho‘jaligi va  avtomobil yo‘llari tarmoqlaridan 1 nafardan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida smeta hujjatlarida nazarda tutilgan 301,5  milliard so‘m byudjet xarajatlari me’yorga muvofiqlashtirildi, 120,1  milliard so‘mlik maqsadga nomuvofiq hamda ortiqcha xarajatli davlat xaridlarining oldi olindi.  Talon-toroj qilingan mablag‘larning 24,9 milliard so‘mi byudjetga qaytarildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli idoralarga 9 ta taqdimnoma kiritildi, qonunga zid hujjatlarga 32 ta protest keltirilib, 63 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand viloyati prokuraturasi.