Byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflagan va talon-toroj qilgan mansabdor shaxslarga qanday jazo qo‘llanildi?
Bugun AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov, direktor o‘rinbosari Umida To‘xtasheva, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Daulanov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mavzu yuzasidan ma’lumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi joriy etilishi orqali erishilgan natijalar:
Davlat soliq huzuridagi Kadastr agentligi tizimdagi xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilib, korrupsiyaga moyilligi bo‘lgan 28 foiz (1476 nafar) xodim bilan mehnat shartnomalari tugatilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligida 16 milliard co‘m moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. 22 milliard so‘m byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Xalq ta’limi tizimida byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflash yoki talon-toroj qilish, noqonuniy ish haqlarini to‘lanishi yuzasidan 214 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, 34 nafar mas’ul mansabdor egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, aniqlangan holatlar bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan vaqt ichida jami 78 milliard so‘m moliyaviy xato va kamchiliklar hamda noqonuniy o‘zlashtirishlar aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquq-tartibot idoralariga yuborildi.
“O‘zkimyosanoat” AJda tovar moddiy boyliklarini sotib olish jarayonida “inson omili”ni cheklash va korrupsiyaning oldini olish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish amaliyotiga chek qo‘yilib, tizim korxonalari tomonidan 2020 yil davomida jami 53,4 milliard so‘m xarajatlar iqtisod qilinilishiga erishildi.