2021 yilning birinchi choragida byudjet mablag‘larini eng ko‘p noqonuniy sarflagan vazirliklar e’lon qilindi

Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yil 1-chorakda byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 1 905 ta (2020 yil 1-chorakda 1 349 ta) nazorat tadbirlarida 211,2 milliard so‘m miqdorida byudjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, shundan 192,3 milliard so‘mi byudjetga tiklanishi ta’minlandi.

Hisobot davrida vazirliklar va idoralar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:

Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 248 ta nazorat tadbirlarining 198 tasida 43,3 milliard so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (9,4 milliard so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 4,6 martaga oshgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 275 ta nazorat tadbirlarining 212 tasida 23,3 milliard so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (7,9 milliard so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,9 martaga oshgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 289 ta nazorat tadbirlarining 242 tasida 41,2 milliard so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (5,4 milliard so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 7,6 martaga oshgan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirlarining 111 tasida 22,4 milliard so‘m miqdorida (2020 yil 1-chorakda 135,4 million so‘mlik) qonunbuzilish holatlari aniqlangan).

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan 42 ta nazorat tadbirlarining 36 tasida 16,1 milliard so‘m miqdorida (2020 yil  1-chorakda 767 million so‘mlik) qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi (3,3 milliard so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (3 milliard so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (2,7 milliard so‘m), Suv xo‘jaligi (2,5 milliard so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi (2,2 milliard so‘m) vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (2,7 milliard so‘m) va ular tizimidagi byudjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.