“Tashabbusli byudjet” tashabbuskorlarga foyda keltiradi
Ikki yildan buyon yurtimizda “Tashabbusli byudjet” doirasida ajratilayotgan mablag‘lar hududlarda yashovchi aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan eng dolzarb muammolariga yechim bo‘lyapti.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran barcha tuman va shaharlarda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan edi. Joriy yil 1 iyuldan boshlab esa mazkur qo‘shimcha mablag‘larning eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshirildi.
- “Tashabbusli” byudjet jarayonining birinchi bosqichida fuqarolar tomonidan 3661 ta taklif ilgari surilgan bo‘lib, hududiy ishchi komissiyalar tomonidan 1732 ta taklif ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi, - deydi viloyat moliya bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzod Tursuntoshev. - Bu jarayonda viloyat aholisining 10 foizidan ziyodi ovoz berdi. G‘olib bo‘lgan 209 ta taklifni amalga oshirish uchun 114 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 3 ta taklif nizom talablariga zid bo‘lganligi sababli rad qilindi. Shuningdek, 2000 dan ortiq ovoz berilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ravishda respublika byudjetidan Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlariga 2,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Viloyat bo‘yicha 53 ta umumta’lim maktabi, 11 ta tibbiyot muassasasi, 33 ta MTM, 14 ta mahalla binolari hamda 70 ta ichki yo‘l ta’mirlanadi. Hozirda g‘olib deb topilgan takliflar bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida tasdiqlandi.
Qo‘shrabot tumani Shovona mahallasi aholisi “Tashabbusli byudjet” jarayonida ishtirok etib, qishloqning ichki yo‘llarini asfalt qilish loyihasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan edi. Ayni paytda mahallaning barcha ko‘chalariga shag‘al-tosh to‘kilib, asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tumandagi 85-umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun zamonaviy sportzal qurilish ishlari davom etmoqda. “Tashabbusli byudjet” jarayoni birinchi bosqichida Qo‘shrabot tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi ham g‘olib bo‘lgan edi. Jarayonda tumandagi barcha MTMlarni mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlash taklif qilingan edi. Ayni vaqtda jihozlar olib kelinib, muassasalarga tarqatilmoqda.
Toyloq tumanida “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lgan 17 ta loyiha uchun 7 milliard 502 ming so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Hozirda Xo‘jayuz mahallasidagi qishloq vrachlik punktida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
“Tashabbusli byudjet”da Ishtixon tumani aholisi 181 loyiha uchun ovoz bergan bo‘lsa, ulardan 13 tasi g‘olib bo‘ldi. Ya’ni, 4 ta umumta’lim maktabi, 4 ta qishloq vrachlik punkti va “Azamat” oilaviy shifokorlik punkti binolarini joriy ta’mirlash, shuningdek, 4 ta mahalladagi ichki ko‘chalarni asfalt qilish ko‘zda tutilgan edi.
- Tumanimizdagi Namuna mahallasi hududida joylashgan 19-umumta’lim maktabi binolari ta’mirdan chiqarilib, mini stadion qurilib, foydalanishga topshirildi, - deydi Ishtixon tumani moliya bo‘limi mutaxassisi Jo‘rabek Xolmonov. – Shuningdek, Bahrin mahallasida “O‘zbekiston” oilaviy poliklinika binosi 187,2 million so‘mga joriy ta’mirlandi. Tumandagi Boytubi mahallasi Pitov qishlog‘ining 2457 metr ichki yo‘lini ta’mirlash loyihasi uchun 900 million so‘m, shu mahallaning Bo‘ston qishlog‘i bilan bog‘lovchi ming metrlik ichki yo‘l uchun 782,2 million so‘m mablag‘ ajratildi.
- Qishlog‘imiz ahli o‘tgan asrning 60-70 yillarida o‘rnatilgan transformator va yog‘och ustunlarga tortilgan elektr tarmoqlaridan foydalanib kelgan, - deydi tumanning So‘g‘ot mahallasida yashovchi A.Nurmatov. – Sal shamol bo‘lsa, transformatorimiz ishdan chiqib, simlar uzilib ketardi. Tanlovda ishtirok etib g‘olib bo‘ldik, 100 dona temirbeton ustun, 1853 metr elektr uzatish simlari hamda 1 dona yangi transformator punkti o‘rnatildi.
Ayni paytda “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2-bosqichi uchun tuman, shahar hokimliklari qoshida tashkil etilgan fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga tegishli byudjetlarning tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi hisobidan 78,4 milliard so‘m, 1-chorakning oshirib bajarilgan qismidan 30 foiz - 12,5 milliard so‘m, 2-chorak hisobidan esa 13,8 milliard so‘m, jami 104,7 milliard so‘m mablag‘ jamg‘armaga ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu mablag‘larni jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlarga yo‘naltirish doirasida fuqarolar tomonidan joriy yilning 15 iyulidan 3 avgustiga qadar taklif qoldirish, 4 avgustdan 23 avgustgacha bu takliflarning ishchi komissiya tomonidan saralanishi va 24 avgustdan 12 sentyabrga qadar mazkur takliflarga ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi belgilangan.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, g‘olib takliflar jamg‘armada mablag‘lar yetguniga qadar yuqoridan pastga qarab saralanadi va g‘olib takliflarni moliyalashtirish uchun xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etiladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.