Byudjetni to‘ldirayotgan byudjetchilar
Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev mahalliy byudjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini shakllantirish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish to‘g‘risida hisobot berdi.
- Joriy yilning birinchi choragida umumiy daromadlar prognoz rejasi 632,2 milliard so‘m belgilangan bo‘lib, haqiqatda 686,6 milliard so‘mga yoki 54,4 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi, - deydi B.Mirzayev. – Bu, tabiiyki, viloyat va hududlarda ichki imkoniyatlar kengayishiga xizmat qilmoqda.
B.Mirzayev hisoboti davomida daromadlar bazasini kengaytirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalasida so‘z yuritib bu boradagi ayrim raqamlarni keltirdi. Xususan, 2020 yilda viloyat bo‘yicha byudjetga yillik tushumning 69,3 foizi byudjetdan moliyalashtirilgan tashkilotlar (huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar va davlat ulushi bor korxonalar bilan birga) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Byudjetga tushumlarning asosiy qismi byudjet tashkilotlaridan bo‘layotganiga 3 ta holat sabab qilib ko‘rsatildi. Jumladan, viloyat bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalarda band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha yillik soni 1 nafarni tashkil etgan korxonalar soni 14 540 tani tashkil etmoqda. Ya’ni, korxona va tashkilotlar tomonidan haqiqatda ishlab kelayotgan xodimlar sonini hisobotlarda ko‘rsatmaslik holatlari mavjud.
Bundan tashqari, asosiy faoliyat yo‘nalishi sanoat bo‘lgan 3 ming 936 ta korxonada 2020 yilda 51 ming 920 nafar ishchi ishlatib, ularga 348,6 milliard so‘m ish haqi hisoblangan.
Aniqrog‘i, bir ishchiga o‘rtacha 560 ming so‘m (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ham past) bir oylik ish haqi hisoblangan. Ushbu ko‘rsatkich Narpay tumanida 293 ming so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahrida 309 ming so‘m, Kattaqo‘rg‘on tumanida 356 ming so‘mni tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, 2020 yilda korxona va tashkilotlar tomonidan statistika va soliq idoralariga topshirgan hisobot ko‘rsatkichlaridagi farq sabab byudjetga 4,5 milliard so‘m daromad solig‘idan yo‘qotishlar yuzaga kelgan.