9 oyda 704,9 mlrd. so‘mlik byudjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari 2022 yilning 9 oyi davomida o‘tkazgan nazorat tadbirlari natijasida jami 704,9 mlrd. so‘mlik byudjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflanganini aniqlagan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir vazirlik va idoralarda tashkil etilgan Ichki-audit boshqarmasi tomonidan xavflarni aniqlash va ularning oldini olish, natijalarini tahlil qilish va doimiy nazorat qilish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagan. Buning natijasida byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki noqonuniy sarflash holatlari kamaymasdan yildan-yilga oshib bormoqda.
Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi. Majlisda deputatlar respublika Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yil to‘qqiz oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdi.
Masala yuzasidan Moliya vaziri Timur Ishmetov axborot berdi.
Aytilishicha, yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YaIM) 5,8 foizga o‘sgan, inflyasiya esa yil boshidan 8,1 foizni tashkil etgan. Davlat byudjeti daromadlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 147,1 trln. so‘mni tashkil etib, belgilangan prognoz 105,3 foizga yoki 7,4 trln. so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,1 trln. so‘mga oshgan.
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish hajmi Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 51 foizini, ya’ni 83,3 trln. so‘mni tashkil etgan. Byudjet tashkilotlarining 55,2 trln. so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 10,3 trln. so‘mlik ish haqiga nisbatan ajratmalari o‘z muddatlarida to‘liq moliyalashtirilib berilgan.