“Tashabbusli byudjet”da 2 mingdan ortiq ovoz olgan barcha loyihaga mablag‘lar ajratiladi
“Tuman va shahar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda 85,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, hokimlar har oyda OAV vakillari ishtirokida tashabbusli byudjet tadbirlari moliyalashtirilishi va bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni jamoatchilikka e’lon qilib boradi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni natijalari bo‘yicha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 2 215 ta loyiha g‘olib deb topilib, loyihalarni amalga oshirish uchun 1,1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi e’lon qilingandi.