Byudjet barqarorligi qanday ta’minlanadi?
Prezident Sh.Mirziyoyevning 15 aprelda “Byudjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan viloyatda mahalliy byudjet barqarorligini ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda avtomobilsozlik sanoatida raqobat muhitini shakllantirish maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismidan viloyat byudjetiga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan mablag‘larning 40 foizi respublika byudjetida qoldirildi.
Joriy yil aprel-dekabr oylarida soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar va jarimalar hisobidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, byudjetdan tashqari jamg‘armalariga tushgan mablag‘larning bo‘sh turgan qismi tijorat banklariga joylashtiriladi. Olingan daromadning 15 foizi har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5 sanasigacha respublika byudjetiga o‘tkaziladi.