Oxirgi ikki yilda 371 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan

Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika bo‘yicha 371 milliard so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar  shaxs jinoiy javobgarlikka  tortilgan.

Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan bugungi kunda jami 82 ta ob’yektda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilib, 66 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi  aniqlandi.

Shu bilan birga, 23 milliard so‘mlik 21 ta ob’yektni qurish yuzasidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik  holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 ta jinoyat ishi  qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qat’iy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 ta jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo  muqarrarligi ta’minlandi.

Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, uning 47,6 milliard so‘mi undirilishi  ta’minlandi.

Ayni vaqtda yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy to‘lamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli bo‘lgan 36 nafar shaxslarga nisbatan qamoqqa olish  tarzidagi ehtiyot chorasi  qo‘llanildi.