Ziyolilar nega gazeta o‘qimaydi?
Kundalik hayotimiz ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan, go‘yo unga kirmasak, barcha axborotdan quruq qoladigandekmiz. Ammo yaqinda Angliyada istiqomat qiladigan dugonam haftaning bir kunini ijtimoiy tarmoqlarsiz o‘tkazishini aytib qoldi.
- Qanday qilib, yangiliklarni qayerdan olasiz? – dedim.
- Yangiliklarni gazetadan o‘qiyman, - dedi dugonam xotirjam. – Hatto ba’zi yangiliklar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmasdan, gazetada chop etiladi, - izoh berdi savolimga o‘rin qoldirmay. – Angliyada kundalik gazetalar aholiga tekin tarqatiladi. Metroga tushish yo‘lagida gazetalar taxlab qo‘yiladi. Odamlar ertalab metroga tushishda gazeta olib ketadi. Bepul tarqatiladigan gazetalar reklamalar hisobiga chop etiladi. To‘g‘ri, pullik gazetalar ham bor, ularni ham odamlar ehtiyoji tufayli sotib oladi. Shuning uchun ham yevropaliklar ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketmagan. Gazeta orqali ham kundalik axborotlarni o‘qish mumkin.
Xuddi shunga o‘xshash axborotni Yaponiyada yashovchi yurtdoshimiz Bahodir Iskandarovning telegram sahifasida ko‘rdim. Uning aytishicha, Yaponiyada gazetxonlik darajasi juda baland. Birgina “Mainichi Shimbun” gazetasi 8 milliondan ortiq nusxada chop etilar ekan. Yaponlar gazeta o‘qishni qanday odatlantirgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sotsiolog buning bir necha sabablarini ham sanab o‘tgan.
- Birinchidan, gazetalarni uyga yetkazib berish xizmati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, - deydi u. – Har bir xonadonga kundalik gazetalar ertalab soat to‘rt-besh atrofida yetkaziladi. Ikkinchidan, boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilarga gazetaning qanday muhimligi o‘rgatiladi. Hatto maktabda gazeta o‘qish darslari bor. Uchinchidan, har qanday yapondan ota kim, deb so‘ralsa, ertalab ishga ketishdan oldin gazeta o‘qib o‘tirgan insonni tasvirlab beradi. Otasining har kuni gazeta o‘qib o‘tirganini ko‘rgan bolalar, albatta gazeta o‘qishadi. Yapon bolalari gazeta o‘qish muhimligini his qilib o‘sishadi.
Bizda-chi? Afsuski, ko‘pchilik oilalarda otalar ishga ketishdan yarim soat oldin uyg‘onadi. Apil-tapil kiyinib, choyini ham chala ichib, ishga otlanadi. Gazeta o‘qish tugul bolalari bilan dasturxon atrofida bemalol choy ichmaydigan otalar bor. Achinarlisi, o‘zini ziyoli sanaydigan ba’zi qatlam vakillari gazeta obunalarini to‘xtatishni, odamlar xabarlarni ijtimoiy tarmoqlardan o‘qishga odatlanib bo‘lganini aytishmoqda. Ammo masalaning yana bir tomoniga e’tibor qaratish kerak. Gazeta o‘qishga odatlangan avlod vakillari kitobni ham sevib o‘qiydi. Chunki ularda o‘qish ko‘nikmasi shakllangan bo‘ladi.
Bizning bolaligimiz ham aslida shunday o‘tgan. Uyimizga taxlam-taxlam gazeta va jurnallar kelardi. Dadam “Sovet O‘zbekistoni” gazetasini o‘qirdi. Biz gazetadagi maqolalar mazmuniga tushunmasak-da, oxirgi varag‘ini, ya’ni adabiyot sahifasini o‘qirdik. Shuningdek, “Fan va turmush”, “Mushtum”, “Saodat” jurnallarini talashib mutolaa qilardik. Yuqorida B.Iskandarov aytganidek, oilamizga muntazam gazeta-jurnallarning kelib turishi va kattalarning mutolaasi biz, bolalarni kitobxonlikka o‘rgatgan.
Endi-chi? Kimning uyiga gazeta, jurnal taxlam-taxlam bo‘lib boryapti? Hatto ziyolilarimiz ham gazeta o‘qimay, unga obuna bo‘lmay qo‘ydi. Natijada umuman o‘qishga qiziqishi yo‘q avlodni tarbiyalayapmiz. To‘g‘ri, hammaning ham gazeta-jurnalga obuna bo‘lishga cho‘ntagi ko‘tarmas, ammo ta’lim muassasalariga ham bosma nashrlar sanoqli keladi. Masalan, umumta’lim maktablarida bugun o‘rtacha 30-40 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritsa, kutubxonasiga atigi 2-3 ta gazeta boradi. Keyingi yillarda gazeta-jurnallar yo‘qolib ham boryapti. Xo‘sh, nima uchun? Ziyolilar gazeta o‘qimaydimi?
Fakt va raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘qituvchilarning respublika nashri hisoblangan “Ma’rifat” gazetasi 2026-yildan atigi 3751 nusxada chop etilyapti. Samarqand viloyatida bugun 1275 ta davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 55 ta nodavlat maktablar bo‘lib, ularda 61 808 nafar pedagog xodimlar mehnat qilmoqda. Agar har bir maktab bir donadan “Ma’rifat” gazetasiga obuna bo‘lganida ham viloyatimizga 1330 ta gazeta kelishi kerak edi.
Ayni kunda respublikamizda 10 mingdan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Hech bo‘lmasa bir nusxadan obuna bo‘lgan taqdirda ham “Ma’rifat” gazetasining tiraji 10 mingdan ziyod bo‘lishi kerak edi. Nahotki bir maktabdan 40 nafar o‘qituvchi bitta gazetaga obuna bo‘la olmasa? Loaqal direktor jamg‘armasidan gazeta-jurnallar uchun obuna tashkil qilinsa bo‘lmaydimi?
Keyingi yillarda o‘qituvchilar ham yaxshi maosh olyapti, ularga qo‘shimcha ustamalar berilyapti. Masalan, 2025 yilda viloyatda 346 nafar maktab o‘qituvchisi 1000 dollardan ortiq maosh olgan. Mayli, biz buni iddao qilmayapmiz, aksincha, xursand bo‘ldik. Faqat ziyolilarning mutolaa qilmay qo‘ygani bizni tashvishga solmoqda. Negaki ziyoli qatlam o‘qimasa, boshqalardan nima kutish mumkin?
Shu o‘rinda bir voqeani misol keltiraman. Yaqinda tahririyatimizga maktab direktori maqola yo‘llabdi. Ochig‘i, maqolani o‘qib, hech narsaga tushunmadim. Keyin o‘sha maktab direktori bilan bog‘lanib, fikrlarini telefon orqali oldim va maqolani qayta yozdim. Maqolani muallifga tashlab berdim.
- To‘g‘risini aytsam, fikrlarimni qanday qog‘ozga tushirishni bilmasdan ChatGPT yozib bergan matnlarni o‘zim ham tushunmasam-da, tahririyatga yuborgandim. Rahmat sizga, chiroyli maqola chiqibdi, - dedi maktab direktori.
Hayotimizda mutolaa madaniyatining yo‘qligi ziyolilarni mana shunday achinarli ahvolga solyapti. Hatto oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ham ChatGPTga maqola yozdirib, tahririyatga jo‘natyapti. Aslida bunday holatdan uyalish kerak.
To‘g‘ri, shu paytgacha tashkilot va muassasalarga gazeta va jurnallar majburiy tarzda obuna qildirildi. Majburiy obuna yo‘q bo‘lgach, maktablar umuman obuna bo‘lmay qo‘ydi. Buni ayrim maktab direktorlari tan oldi. Xo‘sh, endi ahvolimiz nima bo‘ladi? Mutolaasiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi-ku!
Xurshida ERNAZAROVA.