Go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar narxi oshishida ob-havo o‘zgaruvchanligi sabab deb ko‘rsatildi

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda 2021 yilning may oyida yillik inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashgani qayd etildi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o‘sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyasiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.

Mazkur guruhdagi tovarlar narxlari o‘zgarishiga, bir tomondan, jahon bozorida o‘simlik yog‘i, shakar va go‘sht mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qish-bahor mavsumida kuzatilgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlarida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi hamda avvalgi yillarga nisbatan kam bo‘lishi kutilayotganligi ta’sir ko‘rsatdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o‘sishi umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5 foizni tashkil etdi.

Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyasiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi va umumiy inflyasiya sur’atlari bilan tenglashdi.

Shuningdek, joriy yil boshidan beri kuzatilayotgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlari (dala va yaylovlarda suv resurslarining kamligi) chorva ozuqasi narxlariga va takroriy sabzavot ekinlarini ekish jarayoniga ta’sir ko‘rsatib, go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar narxlariga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin.