Iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotini Toshkentga olib ketayotgan samarqandlik yigit ushlandi

“Sirdaryo” YPX maskanida Sirdaryo viloyati IIB hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi.

O‘tkazilgan tadbir davomida "Samarqand – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanib borayotgan “Epika” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda Samarqand shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro I.I. boshqaruvidagi avtotransport salon qismida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 225 kilogramm hayvon go‘shti borligi aniqlangan.

Shuningdek, "Qashqadaryo – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanib o‘tayotgan “Nexia-1” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda Chiroqchi tumani, Torjilg‘a qishlog‘ida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro E.E. boshqaruvidagi avtotransport yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 454 kilogramm hayvon go‘shti borligi aniqlangan.

Yuqorida qayd etilgan go‘sht mahsulotlari viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga olib kelinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda, iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Sirdaryo viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.