Go‘sht narxi nega oshaveradi?
Ko‘p va xo‘b gapirilgan mavzu bor: Uni rosa «nimtalaymiz». Ko‘p mahsulotlarning narxi oshib-tushib turishini bilamiz. Ammo uzoq vaqtlardan beri go‘sht mahsulotlarining narxi tushganini hech kim eslolmasa kerak. Mazkur maqolada buning sabab va yechimlari haqida fikr yuritdik.
Avvallari qanday edi?
Uzoqqa bormaylik, bundan o‘n-o‘n besh yil oldin qishloqlarda, hatto azim Toshkentdagi ba’zi xonadonlarda ham sigir, qo‘y, tovuq boqilgan. Shunga yarasha qishloqda yaylov, shaharda esa uylar atrofida yashil maydon bor edi.
Tabiiy jarayon – aholining ko‘payishi, urbanizatsiya natijasida shaharlar o‘tloq va dala yerlari hisobiga kengaydi. Mos ravishda qishloqlarda ham uylar soni ortib, yaylovlar torayib bordi.
Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi 15 yilda respublikada ozuqa yer maydoni 429 ming gektardan 340 ming gektarga qisqarib, bir shartli bosh chorva molga to‘g‘ri keladigan ozuqa yer maydoni 50 sotixdan 27 sotixgacha kamaygan. Natijada, ozuqa yem qimmatlashdi, taklifdan ko‘ra talab ortdi. Qolaversa, chorva mollarining naslini saqlash, boqish xarajatini kamaytirib, mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha yetarli ishlar olib borilmadi. Hisob-kitoblarda chorva tuyoq soni oshsa-da, yetishtirilayotgan mahsulot hajmi pastligicha qolaverdi. Hatto bugungi kunda ham naslchilik borasidagi ishlarni ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi.
Misol uchun, bir bosh mahalliy sigirni boqish uchun xonadonda kuniga o‘rtacha 27 ming so‘m xarajat hisobiga 5 litr (o‘rtacha 25 ming so‘m), chorvachilik xo‘jaliklarida esa 31 ming so‘m xarajat hisobiga 10-12 litr (50-60 ming so‘m) sut olinmoqda.
Ijodiy safar bilan Yevropa mamlakatlarida bo‘lganimda, bir kunda bir sog‘in sigirdan 60-65 litrgacha sut olinishiga guvoh bo‘lganman. Qizig‘i, o‘sha yerda ham somon va xashak – asosiy ozuqa. Xususan, Avstriyada naslli mollar go‘sht va sut uchun alohida yetishtiriladi.
To‘g‘ri, davlat chorvachilikni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratib, birgina 2021 yilning o‘zida naslli qoramol, qo‘y-echki importi hamda yetishtirilgan go‘sht va sut uchun chorvachilik xo‘jaliklariga jami 58,5 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratdi. Buning natijasida muammolar tez orada yechim topmaydi, albatta. Chunki o‘tgan yil olib kelingan g‘unajinning sutga kirishiga ham ancha vaqt kerak.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda go‘sht va sut mahsulotlari narxini barqarorlashtirish, aholini sifatli oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish uchun hali imkoniyatlar yetarli.
Prezidentning 2022 yil 8 fevraldagi «Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida aynan shu maqsad ko‘zda tutilgan. Qaror bilan paxta va g‘alla yetishtiruvchi sub’yektlar tomonidan ekin yerlarining 10 foiziga (jami 206 ming gektar) beda va chorva ozuqa ekinlarini almashlab ekish, 2022-2024 yillarda 310 ta paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va sholichilik klasterlari tomonidan 500-1000 boshli chorvachilik komplekslarini tashkil etish belgilab berildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur tadbirlar natijasida, yiliga qo‘shimcha 2 million tonna ozuqa birligini jamg‘arish hisobiga sut yo‘nalishida 250 ming bosh sigir, go‘sht yo‘nalishida 500 ming bosh qoramol boqilib, 2,2 million tonna sut va 400 ming tonna tirik vaznda go‘sht yetishtiriladi.
Kooperatsiya usuli naf beradimi?
Natijaga erishishning maqbul yo‘llaridan biri ham shu. Buning samarasini chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan korxona ish tajribasi misolida ko‘rib chiqamiz. Masalan, korxona tomonidan 89 ta xonadonga 3 yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan 160 bosh naslli qoramol tarqatilgan. Sut aholidan sotib olinib, qayta ishlanadi va bir bosh sigirdan oyiga o‘rtacha 850 ming so‘m daromad ko‘riladi.
Qarorda shu jihat hisobga olingan. 2022-2023 yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollarini yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotish tashkil etiladi.
Halol mehnat uchun rag‘bat
Tadbirkor go‘sht yoki sut mahsulotini yetishtirib, uni sotadi, daromad oladi. Daromad ustiga bu faoliyati uchun davlatdan qo‘shimcha mablag‘ ham olsa, shuning o‘ziyoq yaxshi imkoniyat va rag‘bat emasmi? Berilayotgan rag‘bat bozor narxiga qarab oshib borsa, nur ustiga nur-ku.
Gap subsidiya haqida bormoqda. Ayni qaror bilan 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar mahalliy chorvachilik xo‘jaliklariga go‘shtning har 1 kilogrammi uchun to‘lanadigan subsidiya miqdori 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga, sutning har 1 litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirildi.
Subsidiyani oshirilgan miqdorda to‘lash uchun Davlat byudjetidan 2022-2023 yillarda qo‘shimcha 296 milliard so‘m, shu jumladan, 2022 yilda 144,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.
Ko‘kka qaragan elmiz
Yurtimiz hududlarida yaylov sifatida foydalaniladigan yerlarning asosiy qismini lalmikor yerlar tashkil etadi. Mintaqamizda yog‘ingarchilikning kamayib borayotgani bu yerlardan foydalanish imkoniyatini ham qisqartirmoqda.
Yagona yo‘l – suvni ham, yerni ham tejagan holda, intensiv usulda ozuqa yetishtirish va chorva boqish. Qarorda buning ham yo‘llari ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, ozuqa ekin yer maydonlarida yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orishni joriy etgan chorvachilik xo‘jaliklariga davlat byudjetidan uning har bir gektari uchun 8 million so‘m subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Ayni shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga Tadbirkorlik jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya yoki kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladigan bo‘ldi.
Qarorda belgilanganidek, chorvachilik xo‘jaliklari kredit va lizing asosida olingan qishloq xo‘jaligi texnikalari foiz xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qoplab berilishi ham tadbirkor foydasiga xizmat qiladi.
Xarajatlarning bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi, xorijdan keltiriladigan texnikalarning boj to‘lovlaridan ozod etilishi, imtiyozli kreditlarning ajratilishi korxonalar quvvatining oshishiga va ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining ortishiga olib keladi.
Bu esa bozorning to‘yinishiga va narxlarning pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tomorqa – koni foyda
Ochiq ma’lumotlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, ayni vaqtda tomorqa yer egalari ixtiyorida 503 ming gektar ekin yeri mavjud. Bu – haqiqatan ham ishga solinmagan katta resurs. Ya’ni, aholi mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o‘z tomorqasida ozuqa ekin yetishtirsa va chorva, parranda boqadigan bo‘lsa, yuqoridagi ko‘rsatkichlar yana bir necha baravarga oshishi mumkin.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 dekabrdagi «Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori keng imkoniyat yaratadi.
Qaror bilan tomorqa yer egalariga 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasini boqishni yo‘lga qo‘yish uchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kredit ajratish nazarda tutilgan.
To‘g‘ri, aholiga kredit hisobiga qoramol berish yangilik emas. Lekin ayrim hollarda bozor narxidan ancha qimmatga yoki nasldor bo‘lmagan qoramollarning aholiga berilishi, sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatilmagani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Ko‘pchilik mol va qo‘y go‘shtini iste’mol qiladi. Lekin ulardan foydaliroq bo‘lgan tovuq, kurka, bedana, quyon, baliq kabi mahsulotlar ratsionimizdan kamroq o‘rin egallaydi.
Agar aholida ushbu mahsulotlarning foydali tomonlari haqida yanada ko‘proq ma’lumot paydo bo‘lsa, yordamchi xo‘jaliklar faoliyati ham tezroq rivojlanarmidi?
Xulosa shuki, davlat aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishni rag‘batlantirish uchun yangi moliyaviy yo‘nalishlarni qo‘llamoqda. Afsuski, aksariyat holda aholi yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlardan bexabar qolmoqda yoki quyiga qarab ijro intizomi susayib bormoqda. Qolaversa, ayni masalalar bilan shug‘ullanadigan hokim yordamchilari vaqt-bevaqt o‘tkazilib, soatlab davom etadigan majlislar o‘rniga davlat rahbari bergan topshiriq bilan shug‘ullansa, natijalar yanada tezroq ko‘zga tashlanadi.
Dilshod Bo‘riyev,
jurnalist.