Bugun Alyaskada Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi

Bizning vaqt bilan 00:30 da boshlanishi rejalashtirilgan muzokaralarda avval Putin va Tramp yuzma-yuz tarzda suhbatlashadi, so‘ngra — “beshga besh” formatida delegatsiyalar ishtirokida davom etadi.

Rossiya–Amerika sammiti taxminan 7 soat davom etishi kutilmoqda. Tramp Ankoridjda uzoq qolishni rejalashtirmagan.

Uchrashuv Alyaskada o‘tishi haqida e’lon qilinishi arafasida AQSh prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv hududlar almashinuvini nazarda tutishi mumkinligini aytdi. OAV yozishicha, Ukraina Rossiya tomonidan allaqachon bosib olingan hududlarni berishga rozi bo‘lishi mumkin.

Zelenskiy esa o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina xavfsizligi kafolatlari berilmaguncha hududlar almashinuvi haqidagi gap bo‘lishi mumkin emasligini bildirdi.

Sky News Putinning Trampni ortda qoldirish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Alyaskada Tramp bilan uchrashuvda Putin Amerika prezidentining nufuzini saqlab qolish uchun ma’lum yengilliklarni ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Tahlilchi Ayvor Bennetning fikricha, Putin o‘z maqsadlari va ularga erishish yo‘llarini yaxshi biladigan tajribali muzokarachi.

Putinning asosiy vazifasi — tinchlikka erishish yo‘li - Rossiya shartlari asosidagi kelishuv orqali o‘tishiga Trampni ishontirish. Bunga erishish uchun u murosa ko‘rinishini yaratadi va evaziga Trampga nimalardir taklif qiladi.

Ehtimoliy yengillik sifatida Zelenskiy bilan uchrashuv va’dasi bo‘lishi mumkin. Tramp bu haqda yaqinda gapirgan edi. Biroq, Bennetning ta’kidlashicha, bu va’da ehtimol noaniq va shartlar bilan bo‘ladi. Oq uy taraqqiyot haqida e’lon qilishi mumkin, ammo aslida natija bo‘lishi dargumon.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.