“Jig‘ildon emas, vijdon haqida o‘ylash kerak”. Go‘sht yetishtirish, terini qayta ishlash borasida mutasaddilar qachongacha yer chizib turishadi?

Viloyat hokimligida shahar va tumanlardagi kushxonalarning faoliyati va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati masalasi muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, ayni paytda viloyatda 4 million bosh chorva moli mavjud. Aholining sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun bir yilda o‘rtacha 300 ming bosh qoramol, 625 ming bosh qo‘y so‘yiladi. Achinarlisi, so‘yiladigan chorvaning bor-yo‘g‘i 11,6 foizi kushxonalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu ko‘rsatkich Nurobod tumanida 5,8, Past Darg‘omda 9,5, Toyloqda 10,1, Urgutda 10,9 foizni tashkil etgan. Jomboy tumanida esa chorva mollari umuman kushxonalarda so‘yilmagan.

Ta’kidlanishicha, bu holat, ya’ni chorva mollarining veterinariya-sanitariya qoidalariga zid ravishda, belgilanmagan joylarda (uy sharoitida) so‘yilishi oqibatida hayvonlardan insonlarga o‘tadigan yuqumli kasalliklar xavfi saqlanib qolmoqda.

Kushxonalar yetarli emas, tushumlar mutlaqo past

Ayni paytda viloyatda quvvati 200 ming boshga mo‘ljallangan 25 ta kushxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq har bir tumanda 1 tadan 3 tagacha mini kushxona yetishmaydi. Bundan tashqari, mavjud kushxonalarning ayrimlarida avtomatlashtirilgan uskunalar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, chorva mollari antisanitariya holatda so‘yilmoqda. Ba’zi kushxonalarda so‘yilgan mollarning go‘sht va go‘sht mahsulotlarini saqlash uchun muzlatkich yetarli emas.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida kushxonalarda 106,8 ming bosh chorva mollari so‘yilgan. Agar har bir bosh so‘yilgan mol uchun o‘rtacha 90 ming so‘mdan hisoblanganda ham jami 9,6 milliard so‘m mablag‘ bank hisob raqamlariga kirim qilinishi kerak edi. Lekin amalda 4,7 milliard so‘m mablag‘ bank hisob raqamiga kirim qilingan, xolos.

Hanuz antisanitar holatidagi go‘sht  do‘konlari bor

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 863 ta go‘sht do‘konlari mavjud. Ularning 461 tasi yoki 52 foizigina kushxonalar bilan shartnoma asosida ish olib bormoqda. Qolgan 402 ta go‘sht do‘koni bir necha bor ogohlantirish­larga qaramasdan, noqonuniy (uy sharoitida), veterinariya-­sanitariya talablariga zid ravishda faoliyat yuritmoqda.

O‘rganishlar davomida go‘sht do‘konlaridan 23 tasining veterinariya-sanitariya holati yomonligi, 13 tasida sotuvchilarda tibbiy daftarchalar yo‘qligi aniqlangan.

Aytilishicha, viloyatda bir yilda 925 ming dona qoramol va qo‘y teri xomashyosi hosil bo‘ladi. Mavjud terini qayta ishlash korxonalarining yillik quvvati 820 ming dona bo‘lsa-da, joriy yilning o‘tgan davrida 77 ming dona teri qayta ishlangan.

Terini qayta ishlash Kattaqo‘rg‘on shahrida 102 foizga, Paxtachida 20 foizga bajarilgan. Biroq boshqa hududlarda qayta ishlash korxonalari tashkil etilmagan.

Oqibatda qiymati 73 milliard so‘mlik teri mahsulotlarining 14 milliard so‘mligi yoki 19 foizi viloyatda qayta ishlanayotgan bo‘lsa, 59 milliard so‘mligi boshqa viloyatlarga olib chiqib ketilmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilgan ma’lumotlar yuzasidan mutasaddilardan aniq ma’lumotlar so‘raldi. Ularga tegishli vazifalar berilib, belgilangan muddatlarda sifat va samaradorlikni oshirish yuklatildi.