Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazishni boshladi
40 ming dollarlik go‘shtning birinchi partiyasi (18 tonna) yaqin kunlarda Toshkentga yetib keladi. Shu oyda 50 ta konteynerda go‘sht (jami 900 tonna) jo‘natilishi kutilmoqda.
Pokistonning Shaheen kompaniyasi rahbari Malik Sher Xonning ta’kidlashicha, Pokiston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilganidan keyin O‘zbekiston bozoriga diqqat bilan qaray boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, 4 mart kuni ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligini ta’kidlab, Transafg‘on temir yo‘lini yanada rivojlantirishga kelishib olgan edi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston bir necha yillardan buyon transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l qurilishi Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lak yaratadi. Bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
Bundan tashqari, 2021 yil noyabr oyida O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk Pokistonga yetib borgan edi. Pokiston tomoni buni “hamkorlikning yangi davrining boshlanishi” deb baholadi.
Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirdi — yuk mashinalari kirish to‘lovi bo‘yicha depozit to‘lamasdan mamlakatga kirishi mumkin.