Vazirlik go‘sht narxi ko‘tarilishiga ta’sir qilgan asosiy omillarni sanab o‘tdi
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mamlakatda inflyasiya darajasi va uning o‘zgaruvchanligi omillari haqida ma’lumotnomani e’lon qildi.
Vazirlikning sentyabr oyidagi inflyasion dinamika tahliliga tanib ma’lum qilishicha, narxlar o‘sishining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining kon’yunkturasi bo‘lib, bu o‘z navbatida, go‘sht va yog‘-moy mahsulotlari, non mahsulotlari va tuxum narxlarining qimmatlashishi, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari narxining mavsumiy oshishi bilan izohlanadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulot guruhlaridan birinchi navbatda, go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sishi asosiy sabablari quyidagilar:
– yem-xashak bazasi uchun xom ashyo, xususan, paxta xom ashyosi, po‘stloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlar birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib keldi;
– Qozog‘iston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importining qisqarishi. Misol uchun, 2020 yilning 8 oyi natijasiga ko‘ra, mamlakatda 25 ming bosh yirik va 12,5 ming bosh mayda qoramol import qilingan. 2019 yilning 8 oyida mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan;
– 2020 yilning avgust oyi o‘rtalarida karantin cheklovlarining olib tashlanganidan so‘ng faoliyatini tiklagan ommaviy ovqatlanish korxonalarining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabining oshishi.
Shu bilan birga, 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘proq). Bundan tashqari, 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida 14 ming tonna mol go‘shti va 20 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan.
«Yuqoridagi omillardan va dunyo hamda mamlakatimizdagi go‘sht narxlarining hamohang harakatidan kelib chiqib, go‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi nafaqat tashqi omillar, balki ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin. Bu o‘z navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona o‘sishiga qaramasdan, go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini ta’minlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bog‘liq», deyiladi vazirlik ma’lumotnomasida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi tezlashdi va 2,2 % darajasida shakllandi (2019 yilning sentyabr oyida – 1,4 %). Mazkur holat oylik inflyasiya darajasining 0,92 foiz bandga o‘sishida namoyon bo‘ldi. Shunday qilib, 2020 yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasi 7,5 % (2019 yilning shu davrida – 8,5 %) darajasida va yillik hisobda – 17,7 % (17,5 %) darajasida shakllandi.
Go‘sht mahsulotlarining narxi sentyabrda 3,8 foizga o‘sdi. Qo‘y go‘shti 5,7 foizga, mol go‘shti 5,0 % – 5,4 % oralig‘ida, qiyma 4,2 foizga, kolbasa 1,8 % – 1,9 % oralig‘ida, baliq va baliq konservalari o‘rtacha 0,5 foizga, parranda go‘shti va go‘sht mahsulotlari 0,3 foizga qimmatlashdi.