Jinoyat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lganlar ham jazolandi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi, o‘n oltinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Kengash raisi Sh.Negmatov boshqargan sessiyada dastlab Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari Navro‘zjon Rahmonov, Botir Jabborov va Xurshidbek Samiyevlarni ushbu lavozimlarga tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorlari tasdiqlandi.
Shundan so‘ng viloyatda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, omillarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarovning axboroti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, davlatimiz rahbarining shu yil 3 yanvardagi “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har bir mahallada huquqbuzarliklarning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi. Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Yo‘l xaritalari ijrosi yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, mahallalarda 10721 ta kamera, 1504 ta domofon o‘rnatildi. 1950 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”, 794 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” tashkil etildi, 11563 ta ob’yekt texnik qo‘riqlovga olinib, 291 ta tashvish tugmasi o‘rnatildi. Huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 32 ming nafarga yaqin shaxsning maishiy-ijtimoiy muammolari hal etildi. Natijada, 976 ta o‘g‘rilik, bezorilik va boshqa jinoyatlarning hamda 1344 nafar shaxsning jinoyat qurboni bo‘lishi oldi olindi. “Qizil” toifadagi mahallalar soni 109 ta (10 foiz)ni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
– Hamkorlikdagi ishlarimiz natijasida viloyatda bosqinchilik, nomusga tegish, avtotransport vositasini olib qochish, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi kabi aholi kayfiyati va kriminogen vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi jinoyatlar kamaydi, – dedi M.Eshnazarov. – Ammo ayrim mas’ullar tomonidan ijtimoiy profilaktika tadbirlari lozim darajada bajarilmaganligi oqibatida ayrim turdagi jinoyatlar ko‘paydi. Jumladan, qotillik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarining salmoqli qismi oila-turmush munosabatlari doirasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar zamirida sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi. Oilaviy zo‘ravonlik va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning 86 foizi (103 ta) hamda qotilliklarning 82 foizi (9 ta) aynan oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir qilingan. Viloyatdagi kriminogen vaziyatga mas’uliyat bilan yondashmaganligi uchun 90 nafar mutasaddi intizomiy javobgarlikka tortilib, 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Viloyat prokurori joriy yilning 6 oyda hisobga olingan 5112 ta jinoyatning 2011 tasi axborot texnologiyalari sohasida sodir qilingani va ularning 1769 tasi ijtimoiy tarmoqlar orqali, virtual muhitda yuzaga kelganini qayd etib, bunday jinoyatlarning oldini olish uchun aholining huquqiy madaniyati oshirishda deputatlar va keng jamoatchilik faol bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 250 nafar fuqaroning mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.
Mazkur masala muhokamasi chog‘ida qonun ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Xatlovdan o‘tkazilib, tasdiqlash uchun taqdim etilgan so‘rovlarga vakolatli idoralar tomonidan o‘z vaqtida javob berilmayotgani aytildi. Bu borada Kengash tomonidan hokimlik va tegishli idoralarga yo‘llangan murojaat natijasi kelgusi sessiyalarida ko‘rib chiqilishi bildirildi.
Shuningdek, sessiyada yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash), “Zarbdor tajribasi” asosida hududlar iqtisodiy o‘sishiga turtki beruvchi 2-bosqich drayver loyihalari infratuzilmasini moliyalashtirish, tumanlardagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarining bosh rejalarini va unga tutash mahallalarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini tasdiqlash, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.