“O‘zbekiston–2030” va Murojaatnoma: Islohotlar, ma’naviyat, taraqqiyot va kelajak asosi

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov hamda viloyatdagi ziyolilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi faqat istiqbolli reja emas, balki har bir sohada aniq natijaga qaratilgan amaliy dastur ekanligi, uni amalga oshirish jamiyatning barcha qatlamlaridan faollik va mas’uliyat talab etilishi ta’kidlandi. Islohotlarning mohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, siyosat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda belgilangan muhim yo‘nalishlar xususida atroflicha fikr yuritildi.

- Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda milliy ma’naviyatni asrash, turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirishda ziyolilarning o‘rni va mas’uliyati ortib bormoqda, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Ahrorova. — Davlat rahbarining Murojaatnomasi va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishlarida belgilangan ustuvor vazifalar hozirgi tahlikali zamonda xalq va davlat o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik bo‘lgan ziyolilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Bunday tadbirlar islohotlar mohiyatini tushuntirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida milliy o‘zlikni anglash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida hududlarda amalga oshirilayotgan yirik qurilish va bunyodkorlik ishlari, chekka mahallalargacha infratuzilmaning yetib borayotgani, aholining yashash sharoiti yaxshilanayotgani hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov mahallalarda “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Obod mahalla” mezonlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirayotganini, aksariyat hududlarda kambag‘allik darajasi qisqarib, ajrimlar, jinoyatlar soni kamayganini qayd etdi.

Tadbirda yoshlarni tashqi mafkuraviy bosimlarga qarshi matonatli bo‘lishga o‘rgatish, ularda Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati va salohiyatiga nisbatan faxr tuyg‘usini uyg‘otish maqsadida viloyatda “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi doirasida mamlakat tinchligi va barqarorligini asrashda armiya va xalq yakdilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, ushbu loyiha doirasida Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Bir kunlik askarlik” mashg‘ulotlari hamda “Vatan himoyasi — muqaddas burch” mavzusida mahorat darslari tashkil etilmoqda.