Samarqandda umummilliy “AI Hackathon”ning navbatdagi bosqichi boshlandi

Bu gal tanlovda ishtirok etish uchun 400 ortiq yosh mutaxassis ro‘yxatdan o‘tdi. 

Ular uch kun davomida mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalari malakali mutaxassislari boshchiligidagi jamoalarda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning asosiy tarmoqlarida sun’iy intellekt loyihalarini ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan.

– Viloyatimiz nafaqat o‘zining buyuk o‘tmishi, balki minglab faol, bilimli yoshlari bilan ham faxrlanadi, – dedi tadbirning ochilishida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Ikkinchi umummilliy “AI Hackathon” Samarqand taraqqiyoti uchun muhim qadam bo‘lib, IT sohasi mutaxassislari uchun istiqbolli yo‘nalish bo‘ladi. Biz ular bilan birgalikda Samarqandning tarixiy merosi va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishga intilamiz. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Mo‘minov xakaton ta’lim jarayoni va tashkilotlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarning bir qismi ekanligini ta’kidladi.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Hasanxon Yusufxo‘jayevning ta’kidlashicha, yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar o‘z loyihalarini yanada rivojlantirish va startaplariga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

– O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab, global miqyosda o‘z mavqeini bosqichma-bosqich mustahkamlab bormoqda, – dedi H.Yusufxo‘jayev. – Yaqin kelajakda O‘zbekistonda o‘z salohiyati va ko‘lami bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik sun’iy intellekt infratuzilmasi ishga tushiriladi. 

Xakatonning bosh homiysi va hamkori “Uzum” milliy raqamli ekotizimi bo‘lib, loyiha Raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, kiberxavfsizlik markazi, IT Park Uzbekistan, Uzinfocom, UNICON, AI Alliance qo‘llab-quvvatlovida, shuningdek, AICA va ML Community kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Xakaton ishtirokchilari mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalari ekspertlaridan yordam olgan holda tibbiyot, kiberxavfsizlik, ta’lim, tadbirkorlik va sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida taqiqlangan moddalar aylanishini nazorat qilish kabi sohalardagi loyihalar ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun IT sohasidagi mutaxassislar bilan mahorat darslari va seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Umummilliy “AI Hackathon”ning birinchi bosqichi 2025 yil oktyabr oyida boshlangan va joriy yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi. 

Xakaton finali 2026 yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi va unda butun mamlakatning eng yaxshi jamoalari sun’iy intellekt sohasidagi o‘z ishlanmalarini taqdim etadi.