1260 kilometrlik mas’uliyat: Mahsulotlar manzilga bekam-ko‘st yetib bormoqda
Yurtimiz iqtisodiyotining rivojlanishi bevosita turli korxonalarning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulotlarning sifatli bo‘lishi va o‘z vaqtida xomashyo bilan ta’minlanishiga bog‘liq.
Bunda Ichki ishlar vazirligi transportda va turizm ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti “GM Uzbekistan” ochiq aksiyadorlik jamiyati mahsulotlarini kuzatish bataloni ikkinchi guruhi (Samarqand bekati) shaxsiy tarkibining xizmatlari katta bo‘lmoqda.
- Guruhimiz shaxsiy tarkibi 31 kishidan iborat bo‘lib, shundan 12 nafari o‘zimizning viloyatdan. Xizmat hududimiz masofasi 1260 kilometrdan iborat, - deydi ushbu guruh komandiri, katta serjant Zafar Rahmatullayev. - Xodimlarimiz o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadi. Maroqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm temir yo‘l bekatlari oralig‘ida jamiyat mahsulotlarini kuzatish bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yilda xodimlarimiz tomonidan 391 ta yuk poyezdlari tarkibida 3287 ta yuk avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ortilgan vagon-konteynerlari bekamo‘-ko‘st o‘z manzillariga qo‘riqlab, kuzatildi.
Guruh shaxsiy tarkibi tomonidan Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari xavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113-moddasi 4-qismi - “Temir yo‘llarni belgilanmagan joylaridan kesib o‘tish”, 56-moddasi 1-qismi - “Jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini chekish” bilan bog‘liq holatlarda 188 nafar fuqaroga nisbatan jarima qo‘llab, tushuntirish hamda ogohlantirishlar berilgan.